Rossiya 2024-yil 1-martdan boshlab benzin eksportini olti oyga cheklaydi. Bu qarorni bosh vazir Mixail Mishustin tasdiqladi, deya xabar bermoqda “RBC” nashri.
Shuningdek, birjada dizel yoqilg‘isini sotish standartini 16%ga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Vaqtinchalik eksport taqiqi O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Abxaziya, YeOII mamlakatlari va Janubiy Osetiyaga kelishilgan yetkazib berish hajmlariga taalluqli emas.
Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak bosh vazirga benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etish taklifi bilan murojaat qilgan.
21-fevraldagi maktubida u tez orada ichki bozorda yoqilg‘iga talab ortib borayotgan mavsum boshlanishini, bu bahorgi dala ishlari, neftni qayta ishlash zavodlarida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari, shuningdek, yozgi ta’tillar bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, hozirda birjada sotilayotgan benzinning ulushi ancha yuqori darajada va standartning yanada oshishi kichik ulgurji bozordan birja savdosiga sotish hajmining oqimiga olib keladi.
2023-yilning 21-sentabridan Rossiya benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga vaqtinchalik cheklovlar kiritdi. Bu ichki bozorni to‘ldirish va yoqilg‘i narxini barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirilishi ta’kidlandi.
4-oktabr kuniyoq bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak chora-tadbirlar o‘z samarasini berganini ta’kidladi. Hukumat 6-oktabr kuni cheklovlarni yumshatib, dizel eksportiga ruxsat berdi, biroq benzin eksporti bo‘yicha choralarni saqlab qoldi.
Noyabr oyi boshida Energetika vaziri Nikolay Shulginov hukumat benzinning ayrim markalarini eksport qilishga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, “Reuters” agentligi neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari taqiqlarni bekor qilishga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabar berdi.
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar mamlakatga yetkazib berishga ta’sir qilmaganini qayd etgandi.
Avvalroq “Spot” “O‘zbekneftegaz” AI-80 benzini narxi oshganini tasdiqlagani haqida yozgandi.
Xususan, AYoQShlarda benzin narxi 6800 so‘mdan 7000 so‘mga ko‘tarildi.