Shavkat Mirziyoyevga 27-fevral kuni Toshkent shahrida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar loyihalari yuzasidan axborot berildi.
Poytaxtda tadbirkorlarning investitsiya loyihalarini amalga oshirishni soddalashtirishga qaratiligan aksiyadorlik jamiyati shaklida “Toshkent invest kompaniyasi” tashkil etilgan. Kompaniya bo‘sh yer uchastkalari negizida investitsiya loyihalari va DXSh, jumladan, renovatsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Shundan kelib chiqib, davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi, poytaxtda renovatsiya loyihalari tartibi, “hayotiy davr shartnomasi” asosida hamkorlik qilish tartibi tasdiqlanmoqda.
Taqdimotda Yangihayot tumanining sanoat salohiyatini oshirish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish uchun tashkil etiladigan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi to‘g‘risida axborot berildi. Uning hududi 664,5 gektarni tashkil etadi.
Yaqin yillarda hududda $1,5 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, 2,5 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish, yiliga 1 trln so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va $5 mln miqdorida eksport amalga oshirish rejalishtirilmoqda.
Poytaxtda turizm xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Toshkentning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida tegishli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Dasturda “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish, savdo-servis obyektlari va mehmonxonalar qurish, kanallar bo‘yida yashil va dam olish hududlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Bu boradagi ishlarni mahalla darajasida tashkil etish, mahallalarning o‘sish nuqtalarini aniqlab, muayyan faoliyat turiga ixtisoslashtirish va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha “Andijon tajribasi"dan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari taqdim etilgan hujjat loyihalari va takliflarni ma’qullab, ularning ijrosini sifatli va samarali tashkil etish borasida mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Avvalroq 1-martdan Toshkentda tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlanishi haqida xabar berilgandi. Bu ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.