Qozog‘iston O‘zbekistonga ruxsatnoma blankalarini elektron almashish tizimini (E-ruxsatnoma) ishga tushirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Majilisining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan “Kazinform” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning oxirida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yil davomida 10%ga kamaygan holda $4,4 mlrdni tashkil etdi.
Buning sabablaridan biri Qozog‘iston yengil avtomobillari eksportining qisqargani bo‘ldi, chunki o‘zbekistonliklar Xitoy avtomobillarini, jumladan elektromobillarni ko‘proq xarid qila boshladi.
“Biroq, bizning ustuvor vazifamiz savdo emas, balki sanoat kooperatsiyasidir. Umuman olganda, bizning tamoyilimiz raqobat qilish emas, balki to‘ldirishdir. Biz ittifoqchilarmiz, bir-birimizni to‘ldirishimiz kerak. Buning uchun mahsulotlarimizni uchinchi davlatlar — Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston bozorlariga yetkazib berishimiz mumkin. Bu katta bozorlar. Aynan shu maqsadda o‘tgan yili „UzKazTrade“ maxsus qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi tashkil etildi”, — dedi Aygul Kuspan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston barcha hamkorlik loyihalarini monitoring qilish uchun bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida maxsus ishchi guruhi va o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh tuzdilar.
“Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi hududida ishlab chiqarish maydonchalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Xususan, u yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi, omborlar joylashtiriladi, transport infratuzilmasi yaratiladi. Maydon qurilishi avgust oyida, ishga tushirilishi esa 2026-yil oxiriga rejalashtirilgan.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda xalqaro suv-energetika konsorsiumini yaratishni taklif qilmoqda, shuningdek, Qirg‘izistonda Qambarota GES-1 ning birgalikda qurilishiga qiziqish bildirmoqda.
Kuspan transport sohasida hozirda Darboza-Maqtaoral temir yo‘l liniyasi qurilishi boshlangani, shuningdek, Uchquduq-Qizilo‘rda temir yo‘li va avtomobil yo‘li loyihasi ham ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.
Avvalroq “Spot” Qozog‘iston O‘zbekistondan yuk tashish tranzitini soddalashtirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Ikki davlatning tranzit salohiyatini oshirish uchun yangi temir yo‘llar quriladi.