Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha 2024-yil uchun vazifalarga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda Energetika vazirligiga joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi.
Shundan 2 gigavattli 11ta quyosh stansiyasi Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, 600 megavattli 3ta shamol stansiyasi esa Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan.
Bu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5ta podstansiya kengaytiriladi.
Quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha ishlarni kengaytirish, aholining “yashil” energiyadan foydalanish harakatini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha $50 mln resurs ajratish, xorijiy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazib, yana $100 mln jalb qilishga ko‘rsatma berildi.
Tadbirkorlarga quyosh energiyasi quvvatlarini joriy etishda manfaatdorligini oshirish uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratiladi.
Elektr iste’moli yuqori qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti korxonalarida “yashil energiya” quvvatlarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Masalan, qishloq xo‘jaligi yerlarida quyosh panellarini o‘rnatish, ya’ni “agrovoltaika” bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganilmoqda. Mamlakatda 10 gigavattli agrovoltaika salohiyati mavjud.
Mutasaddilarga joriy yilda 6ta tumanda “agrovoltaika” usulida pilot loyihalarni boshlash topshirildi.
Xalqaro ekspertlar ishtirokida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Quyosh va shamol stansiyalarini qurish, tarmoqqa ulash, remont-servis xizmatini ko‘rsatish hisobiga mahalliy korxonalar uchun katta bozor shakllanmoqda. 30dan ortiq yirik va o‘rta mahalliy ishlab chiqaruvchilar, 100dan ortiq servis korxonalari mavjud.
Davlat rahbari bu quvvatlar hali yetarli emasligini ta’kidladi. Quyosh panellari, akkumulator, invertor, suv isitkich, mis kabel va transformator ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish muhimligini qayd etildi.
Mahalliy korxonalarga xorijiy investorlar talab qiluvchi xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni standartlarga muvofiqlashtirishda ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda tarmoq va hudud rahbarlari bugun belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosi uchun mas’uliyatini kuchaytirishi lozimligi, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rilishi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga joylarda quyosh panellarini o‘rnatishda ko‘zbo‘yamachilik va “qo‘shib yozish” holatlarining oldini olish yuzasidan topshiriq berildi.