2023-yilda onlayn-auksionlar orqali 87 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, sotilgan avtomobil raqamlarining jami qiymati 396,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Eng qimmat “chiroyli” avtoraqam yuridik shaxsga 450 mln so‘mga sotilgan.

Undan keyingi ikkinchi o‘rinda yuridik shaxs tomonidan xarid qilingan 439,56 mln so‘mlik avtoraqami turibdi. Eng qimmat beshlikka jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan 399,6 mln so‘m, 395 mln so‘m hamda 378,18 mln so‘mlik avtomobil raqamlari kirdi.

2023-yilning oktabrida qariyb 900 mln so‘mga sotilgan 777 RRR “chiroyli” avtoraqami xaridor tomonidan yo‘l harakati xavfsizligi organida to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

2022-yilning mayida 50 777 ZZZ avtoraqami 669,6 mln so‘mga sotilgandi. 2021-yilning aprelida “chiroyli” avtoraqam 441,5 mln so‘mga sotildi. Bu avvalgi rekorddan deyarli ikki baravar ko‘p bo‘lib, o‘shanda 001 raqamli avtomobil raqami 206,7 mln so‘mga sotilgandi.

O‘tgan yilning iyunida hukumat qarori bilan oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha beriladigan avtomobil raqami belgilarining ro‘yxati yangilangandi.