“Samsung” kompaniyasi bilakka taqiladigan smartfon prototipini namoyish etdi. Bu haqda “SamMobile” xabar berdi.
“MWC 2024” ko‘rgazmasida taqdim etilgan “Cling Band” egiluvchan OLED displey va novli orqa panelga ega.
Ushbu funksiyalar tufayli gadjetni bilaguzuk yoki aqlli soat kabi bilakka taqib, smartfon sifatida ishlatish mumkin.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, agar smartfon bilakka taqilsa, u yurak urish tezligi va boshqa tibbiy ko‘rsatkichlarni yozib olishni boshlaydi.
“Cling Band” shuningdek, kamera va zaryadlash uchun USB-C portiga ega. “Samsung” prototipi egiluvchan displeylar imkoniyatlarini namoyish qilish uchun yaratilganini ta’kidladi.
Biroq kompaniya hozircha qurilmaning xarakteristikalari va boshqa tafsilotlarini oshkor qilmadi.
Avvalroq “Spot” “Motorola” soat yoki bilaguzuk kabi taqiladigan smartfonni taqdim qilgani haqida yozgandi.
Qurilmaning ramkasi egilib, foydalanuvchi tanlagan shaklni ushlab turadi. Teginishlarga javob beradi, bildirishnomalarni va kontentni ko‘rsatadi.