“Sony” o‘zining “PlayStation” bo‘limidan 900ga yaqin xodimni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi. Bu haqda “The Verge” nashri xabar berdi.

Kompaniyaning ishdan bo‘shatishi bir qator “PlayStation” studiyalariga, jumladan, “Insomniac Games”, “Naughty Dog”, “Guerrilla Games” va “Firesprite"ga ta’sir qiladi.

“Biz butun dunyo bo‘ylab umumiy ishchi kuchimizni 8%ga yoki taxminan 900 kishiga qisqartirishni boshlash rejamizni e’lon qilish uchun juda qiyin qaror qabul qildik”, dedi “PlayStation” bosh direktori Jim Rayan.

Avvalroq London sudi “Sony” kompaniyasiga nisbatan “PlayStation” do‘konidagi o‘yinlar narxini oshirib yuborganligi haqidagi jamoaviy da’voni ko‘rib chiqishga rozi bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, foydalanuvchilar kompaniyadan $7,9 mlrd miqdorida tovon puli talab qilmoqda.

2022-yilda Buyuk Britaniyaning qariyb 9 mln aholisi “Sony” kompaniyasini “PlayStation” do‘koni orqali o‘yinlarni yuqori narxlarda sotishda ayblab, sudga murojaat qildi.

Iste’molchilar huquqlari himoyachisi Aleks Nil foydalanuvchilar nomidan so‘zga chiqdi va $6,23 mlrd va foizlar talab qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya raqamli o‘yinlar va qo‘shimcha kontentni faqat “PlayStation” do‘koni orqali sotishni talab qilgan, bu esa ishlab chiquvchilar va noshirlardan 30% komissiya oladi.

“Sony” advokatlarining ta’kidlashicha, bu ish boshidan oxirigacha o‘ylab topilgan va uni yopish kerak. Ammo sud qaroriga binoan ish davom etadi.

Biroq, 2022-yilda da’vo arizasini topshirgandan so‘ng “PlayStation"da xarid qilgan odamlar sudda ishtirok eta olmaydi. Shu sababli, ishni ilgari surishda da’vogarlar yetarli bo‘lmasligi mumkin.


Avvalroq “Spot” “PayPal” 2500 nafar xodimni ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Ishdan bo‘shatishlar kompaniya samaradorlikka e’tiborini kuchaytirishi, avtomatlashtirishni kengaytirishi va texnologiyalarni birlashtirishi uchun sodir bo‘lmoqda.