“Telegram"da kanallar uchun monetizatsiya ishga tushiriladi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.
“Kelgusi oyda “Telegram"dagi kanal egalari o‘z mehnatlari evaziga moliyaviy mukofotlar olishni boshlashlari mumkin”, deb yozgan Durov.
Durovning ta’kidlashicha, messenjerdagi ommaviy kanallarni ko‘rishlarning umumiy oylik soni 1 trlnga yetgan. Biroq ularning atigi 10%i “Telegram” reklama tizimi orqali monetizatsiya qilinadi.
Uning qayd etishicha, mart oyida “Telegram” reklama platformasi 100ga yaqin yangi mamlakatlardagi barcha reklama beruvchilar uchun rasman ochiladi.
Ushbu mamlakatlardagi kanal egalari “Telegram” o‘z kanallarida reklama ko‘rsatishdan oladigan har qanday daromadning 50%ini olishni boshlaydilar.
Barcha hisob-kitoblar “Toncoin” kriptovalyutasida, TON blokcheyn platformasi orqali amalga oshiriladi.
Durovning so‘zlariga ko‘ra, bu tranzaksiyalarning tezligi va xavfsizligini ta’minlaydi, shuningdek, mualliflarga o‘z daromadlarini o‘z kanallarini rivojlantirish va reklama qilishga bemalol sarmoya qilish imkonini beradi.
2021-yilda “Telegram” reklama postlarni sinovdan o‘tkazgandi. O‘shanda 1000 kishidan ortiq foydalanuvchisi bor kanal egalari reklama orqali pul topishlari mumkin bo‘lishi ma’lum qilingandi.