Shavkat Mirziyoyev 29-fevral kuni Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida qurilgan yangi ko‘prik va temir yo‘lni ochdi.

Prezident bu haqdagi tashabbusni 2020-yilda ilgari surgandi. Mazkur ko‘prik Xorazm va Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi qisqa avtomobil va temir yo‘l qatnovlarini ta’minlashga qaratilgan.

Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Qo‘shimcha 180 kilometr yo‘l yurishga to‘g‘ri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp ko‘prigidan o‘tib kelinardi.

Ko‘prikning uzunligi — 423 metr. U bilan birga Shovot-Qorao‘zak bekatlarini bog‘laydigan 85 kilometrlik temir yo‘l hamda 3ta vokzal ham barpo etildi.

Bu inshoot orqali yo‘lning o‘tkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada, 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz o‘tishi ta’minlanadi.

Ko‘prik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu orqali temir yo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi.

ko'prik, prezident, qoraqalpog'iston, shavkat mirziyoyev, temir yo‘l

Bu mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini esa 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temir yo‘l orqali Qozog‘iston va Rossiyaga ham yangi yo‘nalishlar ochiladi.

Shuningdek, Qorao‘zak konlaridan tosh endi poyezdlarda tashilishi hisobiga Orobo‘yi mintaqasidagi 4 mln aholi va turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobil yo‘llari sifatli saqlanadi.

Joriy yil Buxoro — Urganch — Xiva, kelgusi yildan Miskin — Nukus temir yo‘li elektrlashtiriladi. Natijada Xiva hamda Nukus shaharlariga tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu loyihalar hisobidan transport xarajatlari 2 barobar qisqarib, yo‘lovchi tashish 30%ga oshadi. Bu orqali Qoraqalpog‘iston va Xorazmning iqtisodiy salohiyati oshib, investitsiyalar oqimi va ish o‘rinlari ko‘payadi va aholi daromadlari o‘sadi.

Avvalroq “Xayraton — Mozori Sharif” temir yo‘l liniyasini rekonstruksiya qilish ishlari boshlangani haqida xabar berilgandi.