Isroil O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligini ratifikatsiya qildi. Bu haqda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi xabar berdi.
BAAda o‘tgan JST konferensiyasi doirasida tegishli hujjatni Isroil iqtisodiyot va sanoat vaziri Nir Barkat va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev imzoladi.
“Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash Isroil kompaniyalari uchun katta imkoniyatlarga ega”, — dedi Barkat.
JSTga a’zo bo‘lish uchun barcha a’zo davlatlarning roziligi kerak. Bu orqali O‘zbekiston 164ta davlat bilan teng huquqli asosda savdo qilish imkonini qo‘lga kiritadi.
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.
ITIMning ta’kidlashicha, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi iqtisodiyotning 0,5%ga o‘sishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, savdo xarajatlarini kamaytiradi va aholi farovonligini oshiradi.
Fevral oyida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan tegishli qonun bilan mamlakatning 5ta qonuni JST bitimlariga uyg‘unlashirilgandi.