Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda mutasaddilarga xorijiy davlatlardan sho‘r tuproqqa chidamli paxta navlarini olib kelib, Xorazm sharoitida yetishtirishni tashkil qilish topshirildi.
Urganchda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etiladi. Viloyatdagi fermer va klasterlarga 1000ta texnikani lizing asosida yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.
Aholi, ayniqsa yoshlarga yerlarni auksion orqali bo‘lib berish amaliyoti Xorazmda ham davom ettiriladi. Mutasaddilarga har bir tumanda 100 gektardan yerni bo‘lib berish topshirildi.
Viloyatda sovutgichli ombor va kichik logistika markazlariga ehtiyoj kattaligi har bir tumanda 40tadan kichik sovutgichli ombor tashkil qilish boshlanadi. 10ta kichik agrologistik markaz qurilib, tadbirkorlarga tayyor holda taklif qilinadi. Bunga 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Yangi hosildor sholi navlarini olib kelib, Xorazm sharoitida sinash muhimligi ta’kidlandi. Koreyalik hamkor bilan sholi urug‘chiligi korxonasi tashkil etiladi.
Sholichilikda suv tejovchi texnologiya joriy qilish uchun subsidiya berish va klasterlarga sholi xaridi uchun imtiyozli kredit ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Go‘sht yo‘nalishida har biri 200 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan 5ta sanoatlashgan yirik parrandachilik korxonasi Bog‘ot, Gurlan, Hazorasp, Honqa, Shovotda ishga tushiriladi.
Viloyatdagi sun’iy suv havzalarini atigi 10%ida baliq intensiv usulda boqilishi qayd etilib, endilikda intensiv usulda baliq yetishtirgan tadbirkorlar yer va aylanma solig‘ining 50%ini to‘lashi, suv solig‘i va to‘lovidan ozod etilishi belgilandi.
Xorazmda yirik kanallarni betonlashga qo‘shimcha 145 mlrd so‘m ajratilgan. Ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashni vegetatsiya davrigacha yakunlash zarurligi qayd etildi.
“Toshsoqa kanalini tiklash” loyihasi 2-bosqichi doirasidagi ishlarni jadallashtirishga topshiriq berildi. Loyiha natijasida 172 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi, yiliga 500 mln kub metr suv, 50 mln kilovatt elektr, 30 mlrd so‘m saqlash xarajatlari tejaladi.
Tuproqqal’a, Shovot va Yangiariqda 1 ming gektarni yopiq sug‘orish tizimiga o‘tkazish bo‘yicha pilot loyiha boshlanadi. Joriy yilda shaffof tizim orqali 11 ming gektarda suv tejovchi texnologiya joriy qilish, 42 ming gektarni lazerli tekislash rejalashtirilgan. Suv xo‘jaligi vazirligiga 50ta nasos stansiyani xususiy sheriklikka berish topshirildi.
Joriy yilda 119ta ko‘p qavatli uy qurib, 3,5 mingta oilani yashash sharoitini yaxshilash rejalashtirilgan. “Yangi O‘zbekiston” massivlari tashkil etilib, 100ta ko‘p qavatli uy qurilishi boshlanadi.
Mutasaddilarga Xiva shahri, Shovot va Hazoraspni urbanizatsiya bo‘yicha namunali hududga aylantirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Yil yakunigacha Urganch va Xiva shaharlari hamda Gurlan va Tuproqqal’a tumanlarida oqova suv tarmog‘ini qurish loyihasi boshlanadi.
Elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni to‘liq yangilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. 2024-yilda 1 ming kilometr tarmoq, 10ta podstansiya va 500ta transformatorni yangilash ko‘zda tutiladi.
Kelgusi ikki yilda viloyatda tuproq yo‘llar umuman qolmasligi kerakligi qayd etildi. Yaroqsiz yo‘llarning yarmini shu yilni o‘zida ta’mirdan chiqarish, “Urganch-Shovot” yo‘lining 20 kilometrini saqlashga xususiy sektorni jalb qilish topshirildi.
Viloyatdagi 233 kilometr yo‘llar “hajm” usulida ta’mirlanishi, Tuproqqal’a, Hazorasp, Xonqa va Urganch tumanidan o‘tgan “4R-156” avtomobil yo‘lining 84 kilometri sement beton qoplamaga o‘tkazilishi belgilandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Urganch shahar 2-son kasb-hunar maktabida “Pirson” dasturini joriy qilishni topshirdi. O‘quvchilarga “mehmonxona ishi” va “turizm” yo‘nalishida xalqaro malaka berish yo‘lga qo‘yiladi.
Urganch universitetida ta’lim yo‘nalishlari maqbullashtirilib, yangi o‘quv dasturlari joriy qilinadi. Xonqadagi tibbiyot birlashmasini kompleks qayta qurish loyihasi ishlab chiqilib, 2025-yil davlat dasturiga kiritiladi.
Eshitishda nuqsoni bor 500 nafar bolaga bepul koxlear apparati va boshqa implantlar qo‘yish uchun 62 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi. Yana 2 ming nafar bola eshitish moslamasi bilan ta’minlanadi.
Paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanayotgan xorazmlik 10 nafar yoshlarga 7 turdagi sport protez va reabilitatsiya vositalari olib beriladi.
Avvalroq viloyat mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 11,5 trln so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirilishi ma’lum qilingandi.