“Alphabet"ga tegishli “Google Cloud” kompaniyasi “Microsoft"ni bulutli hisoblashni monopollashtirishda aybladi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.

Qayd etilishicha, “Microsoft” kompaniyasi generativ sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalarning rivojlanishiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan monopoliyaga intilmoqda.

“Microsoft” va “Amazon” yaqinda Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQShda bulutli hisoblash bozorida o‘sib borayotgan hukmronliklari ustidan nazorat ostiga olindi. “Google” ikki yetakchi kompaniyadan ortda qolib, uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

“Microsoft"ning “ChatGPT” yaratuvchisi “OpenAI” bilan hamkorligi bu xavotirlarni kuchaytirdi.

“Microsoft kompaniyasi mahalliy dasturiy ta’minot bozorida monopoliyaga ega bo‘lish bo‘yicha uzoq yillik amaliyotini davom ettirmoqchi ekanligidan xavotirdamiz. Endi ular uni bulutga o‘tkazishga harakat qilishmoqda”, — dedi “Google Cloud” vitse-prezidenti Amit Zaveri. U monopoliyaga qarshi regulyatorlarni harakat qilishga chaqirdi.

“So‘nggi mustaqil ma’lumotlar bulutli operatorlar o‘rtasidagi raqobat kuchliligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda”, dedi “Microsoft” vakili.

Shuningdek, Zaveri “Microsoft"ning alohida bulutli provayderlar bilan tuzgan kelishuvlarini tanqid qilib, ular global muammolarga e’tibor bermasligini aytdi.

“Microsoft” tanqidni rad etdi. “Biz mustaqil bulut provayderlarini tinglayapmiz va ularga ko‘proq imkoniyatlar berish uchun litsenziyalash shartlarini o‘zgartirish uchun ular bilan bevosita ishlayapmiz. Dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq bulutli provayderlar allaqachon ushbu o‘zgarishlardan foydalangan”, dedi “Microsoft” vakili.

Avvalroq AQSh savdo regulyatori generativ sun’iy intellekt sohasidagi eng yirik kompaniyalar tomonidan kiritilgan investitsiyalar va sherikliklarga oid bitimlarni tekshirishni boshlagan edi. Bularga “Google” (Alphabet), “Amazon”, “Anthropic”, “Microsoft” va “ChatGPT” ishlab chiqaruvchisi “OpenAI” kiradi.


Avvalroq “Spot” “Google” kompaniyasi qariyb $97 mlrd yo‘qotgani haqida yozgandi.

Bunga kompaniyaning Gemini sun’iy intellekt vositasi bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lgan.