Avvalroq “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi ichki reyslar vaqtincha to‘xtatishi ma’lum qilingandi.
Xususan, 1-martdan 10-martgacha belgilangan aviaqatnovlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilib, undan keyingi reyslar aprelgacha bekor qilindi.
Barcha sotilgan chiptalar kompaniya tizimi orqali avtomatik ravishda bekor qilinib, yo‘lovchilarga qaytarib beriladi.
Aviakompaniya matbuot xizmati aviachiptalar uchun pulni qanday qaytarib olish bo‘yicha ko‘rsatmalarni taqdim etdi.
Chiptalarni kompaniya saytidan xarid qilgan yo‘lovchilar mablag‘larni 30 kun ichida qaytarib olishlari mumkin.
Bunda chiptadagi ism-familiya kartadagi bilan mos kelsa, bank kartasiga avtomatik tarzda o‘tkazib beriladi.
Yo‘lovchi boshqa shaxs kartasi bilan to‘lov amalga oshirgan bo‘lsa, bunda pulni qaytarish uchun ariza to‘ldirish kerak bo‘ladi.
Ariza shaklini havola orqali yuklab olish mumkin.
Bundan tashqari, yo‘lovchilar mablag‘larni aviakompaniya tizimidagi shaxsiy balansida qoldirishlari ham mumkin. Keyingi chipta xaridida undan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Agar aviachipta agentlik orqali xarid qilingan bo‘lsa, barcha mablag‘lar kelgusi chiptalar xaridi uchun aviakompaniya tizimidagi virtual hisobga qaytariladi.
Avvalroq “Qanot Sharq” 18-apreldan Toshkent-Praga yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.