Avvalorq prezident qarori bilan mamlakatda “Zero Risk” dasturi va “Local to Global” loyihasi amalga oshirilishi belgilangani haqida xabar berilgandi.
Joriy yilda mazkur dastur va loyiha doirasida moliyalashtirishga “IT Park” mablag‘lari hisobidan 65 mlrd so‘mgacha hamda Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 35 mlrd so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi.
2025-yildan dastur va loyiha doirasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar “IT Park” mablag‘lari hisobidan, yetmagan qismi esa Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Arizalarni ko‘rib chiqish va korxonalarning belgilangan mezonlarga muvofiqligini aniqlash jarayonlari texnoparkning maxsus axborot tizimi orqali bepul amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, joriy yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida “IT Park” vakolatxonasini ochish belgilanmoqda.
Uning asosiy vazifasi mahalliy korxonalar uchun ІT-xizmatlar bo‘yicha buyurtmalarni jalb qilishga qaratiladi.
Texnopark direksiyasiga mazkur vakolatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 2027-yilgacha har biriga yiliga $200 ming miqdorida mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Shuningdek, joriy yilda AQSh va Germaniyada “O‘zbekiston ІT-kunlari” xalqaro tadbirlari o‘tkaziladi.
Dekabr oyida prezident “IT Park” hududida Angliya huquqini joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish hamda sohaga 100 yillik qulaylik yaratish bo‘yicha takliflarni bildirgandi.
Yanvar oyi boshida hukumat qarori bilan texnopark rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritildi. Rezidentlarga multimedia va dizayn xizmatlari, kibersport sohasida xizmatlar ko‘rsatish kabilarga ruxsat berildi. Fevralda texnoparkda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilishi belgilandi.