Xorazmda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur qabul qilinadi. Bu haqda davlat rahbari viloyatda o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tushumi 3 yil davomida Xorazmni o‘zida qoldiriladi.

Sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz viloyatga kirish uchun “O‘zbekiston — mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinadi.

Yig‘ilishda qator tumanlarda mehmonxonalar yetishmasligi qayd etildi. Mehmonxona va dam olish maskanlarini qurish, mavjud o‘rinlarni ko‘paytirish uchun kreditlar beriladi. Bunda mablag‘lar 7 yilga 2 yil imtiyozli davr bilan 18% stavkada ajratiladi.

Xorazm taomlarini targ‘ibot qilish maqsadida Xiva shahrida 24 soat ishlaydigan restoran, kafe va ovqat rastalarini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Transport infratuzilmasini yaxshilash uchun Urganch va mamlakatning boshqa shaharlariga aviachipta narxini arzonlashtirish uchun 30 mlrd so‘m subsidiya beriladi.

Urganchdan Termiz, vodiy viloyatlari, Samarqand, Buxoro hamda Sankt-Peterburg, Madrid, Frankfurt, Pekin va Urumchiga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.

“Urganch-Xiva” trolleybus qatnovi oraliq vaqti 2 karra qisqaradi, Urganchdan Xiva va Xonqaga elektrobus qatnovi tashkil etiladi.

Shuningdek, Urganch aeroporti boshqaruvi va modernizatsiyasiga xususiy sherik jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistonga sayyohlar ko‘proq qaysi davlatlardan kelgani ma’lum qilingandi.