Misrning “Arab Nihol Investors” kompaniyasi Samarqandda sayyohlik majmuasini qurish loyihasiga qiziqmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasida mazkur O‘zbekiston-Misr qo‘shma korxonasi asoschisi, tadbirkor Ahmad Zaydan bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi tog‘ oldi hududlarida 42 gektar yer maydonida sayyohlik majmuasini qurish loyihasi muhokama qilindi.
Loyiha qiymati $100 mlnni tashkil etib, u uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan: birinchisida — qiymati $18 mlnlik kanat yo‘li, ikkinchisida — $32 mlnlik 100 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, uchinchi bosqichda esa qiymati $50 mln bo‘lgan 100 o‘rinli sanatoriy quriladi.
Ta’kidlanishicha, loyihani to‘liq amalga oshirish uchun yana 1000 gektar yer kerak bo‘ladi. Unga xorijdan, jumladan Misr va Ummondan investorlar jalb qilinadi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida 500ta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi. Loyihaga oid masalalar va xorijiy investorning qo‘shimcha takliflari muhokama qilindi.
Avvalroq sayyohlarga Xorazmga cheksiz kirishlari uchun viza tizimi joriy etilishi ma’lum qilingandi. Urganchdan Termiz, vodiy viloyatlari, Samarqand, Buxoro hamda Sankt-Peterburg, Madrid, Frankfurt, Pekin va Urumchiga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.