Joriy yilning 27-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Shundan kelib chiqib, Toshkentning ikkita tumanida “gastronomik turizm” ko‘chasini tashkil etish ishlari boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi matbout xizmati xabar berdi.
Xususan, 29-fevral kuni Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Faxriddin Davrukov hamda Yashnobod tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulov Yashnobod tumanining “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasida bo‘ldi.
U yerda “gastronomik turizm"ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilib, ko‘chaning umumiy holati, tabiiy va texnik ko‘rinishi, imkoniyati hamda mavjud salohiyatlari ko‘zdan kechirildi. Gastronomik ko‘cha tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan turistik obyektlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, restoran-kafelar va savdo-servis obyektlarini tartibga keltirish vazifalari belgilandi.
Bundan tashqari, sayyohlar uchun qo‘shimcha xizmat ko‘rsatadigan shart-sharoitlarni yaratish va kelgusida bu manzilga xorijiy va mahalliy turistlar oqimini ko‘paytirish belgilab olindi.
Shuningdek, 1-mart kuni poyaxt hokimligi Mirobod tuman hokimi Anvar Sayfutdinov bilan ham tumandagi “Taras Shevchenko” ko‘chasida “gastronomik turizm"ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordi. Rasmiylar ko‘chaning umumiy holati, tabiiy va texnik ko‘rinishini ko‘zdan kechirib, takliflarni ko‘rib chiqdi.
Toshkentning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Savdo-servis obyektlari va mehmonxonalar qurish, kanallar bo‘yida yashil va dam olish hududlari barpo etiladi.
Avvalroq sayyohlarga Xorazmga cheksiz kirishlari uchun viza tizimi joriy etilishi ma’lum qilingandi. Urganchdan Termiz, vodiy viloyatlari, Samarqand, Buxoro hamda Sankt-Peterburg, Madrid, Frankfurt, Pekin va Urumchiga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.