AQShga noqonuniy ketgan o‘zbekistonliklar ortiga qaytarildi. Bu haqda “UzReport” xabar berdi.
Joriy yilning 3-mart kuni Amerikaga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarilib, Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi.
Ma’lum qilinishicha, ularning ko‘pchiligi Meksika orqali Amerikaga o‘tishgan. Bundan tashqari, ular orasida boshqa davlatlar orqali borgan fuqarolar ham bor.
Ana shunday yo‘llar bilan AQShga borgan fuqaro o‘z boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklarini so‘zlab berdi. Fuqaro bagajini yo‘qotib, to‘satdan Madridga uchganini, bu shaharda bilet yo‘qolib, 14 kun davomida 400 nafar o‘zbek Madridda qolib ketganini qayd etdi.
Yana shu yerdan Turkiyaga deport qilinib, keyinchalik Guatemalaga boradi va yana harakat qilib ko‘radi. Ikkinchi marta chegaradan qaytarilib, immigratsion joyda ikki sutka qolib ketadi.
“Venesuela fuqarolari bilan piyoda 3 kun yurganmiz. U yerda ham qochdik, yurdik, hamma narsani ko‘rdik. Maslahat bermayman, Amerika shunchaki reklama. $10 mingga yaqin pulim ketdi. Iyulda uyimdan chiqqan bo‘lsam, avgust oyida bu mamlakatga yetib bordim. Lekin ishlay olmadim. Pul sarflab qaytdik. Bormoqchi bo‘lganlarga maslahatim bormanglar. Bu shunchaki reklama. Kasallik orttirib qaytasiz. Hammasi yolg‘on”, — deya ta’kidladi fuqaro.
Yana bir fuqaro AQShga yetib borguncha $15 ming miqdorida mablag‘ sarflaganini qayd etdi. Fuqaroni yolg‘on aldovlar bilan bunga jalb qilishgan. Ya’ni, unga oson pul topishini va Amerikaga oson kirishini aytishgan.
Bundan tashqari, “Dunyo” nashrining xabar berishicha, mamlakatga qaytarilgan fuqarolar orasida ayollar ham bor. Ular ham boshqa fuqarolar kabi AQShda uzoq muddat qamoqda saqlanib, qiyinchiliklarni boshidan kechirganlar.
2023-yilning 20-dekabrida ham AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik ortiga qaytarilgandi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Amerika chegaralari noqonuniy migratsiya uchun ochiq emasligini qayd etdi.
Bundan tashqari, Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmaydi. Aksincha, noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.