1-mart kuni sug‘urta xizmatlari bozorini rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-sentabridan sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini u orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi.
Barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish bekor qilinadi. Sug‘urta polislarini yagona avtomatlashtirilgan tizim orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi hamda litsenziya talab va shartlarini bir marta qo‘pol buzish hisoblanadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urtalovchilar reytingini yuritadi va OAVda e’lon qiladi.
Quyidagilarga shartnomalarning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini ta’minlash majburiyati yuklatiladi:
- Soliq qo‘mitasi va Transport vazirligiga ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
- Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz berganda boshqalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga obyektlarni davlat mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini.
Sug‘urta turlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ixtiyoriy tibbiy sug‘urtaning qamrovini oshirish, yuridik shaxlarning ko‘chmas mulkini texnogen va tabiiy ofatlardan majburiy sug‘urtalash tizimini joriy etish belgilanmoqda. Shuningdek, “takafful” va “yashil sug‘urta” sug‘urta mahsulotlarini ommalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
2025-yilning oktabridan keyingi 5 yil davomida sug‘urta tashkilotlari uchun tabaqalashtirilgan ustav kapitalining eng kam miqdori bosqichma-bosqich oshirilishi belgilandi.
Shu bilan birga, sug‘urta bozorida sog‘lom raqobat va to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga qarshi quyidagilar amalga oshiriladi:
- elektron sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibi takomillashtiriladi;
- sug‘urta zaxiralarini hisoblash va sug‘urtalovchilarning to‘lov qobiliyatini aniqlashda xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich o‘tiladi;
- litsenziya talablariga axborot tizimlarining mavjudligi belgilanadi;
- transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqiladi.
Agentlikka aktuar hisob-kitoblarga asoslangan tavsiyaviy xarakterga ega sug‘urta tariflarining minimal miqdorini belgilash huquqi berildi.
Sohada kadrlarni tayyorlashda xorij tajribasi asosida ta’lim dasturlari va oliy ta’limning milliy standartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bakalavriatda o‘qish muddatini 4 yildan 3 yilgacha qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, sug‘urta ishi bo‘yicha sug‘urta tashkilotlarining yuqori boshqaruv organlari xodimlari malakasi muntazam oshiriladi.
Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak O‘zbekiston sug‘urta bozorida nosog‘lom raqobat muhiti shakllanganini aytgandi.