2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 2%dan ortiqqa kamaygan. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, o‘tgan yili mamlakatda ishsizlik darajasi 6,8%ni tashkil etib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 2,1%ga kamaygan.

Dekabr oyida vazirlik huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tomonidan 208ta shahar va tumanda ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.

Tadqiqotga 1 mingta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 10 mingta uy xo‘jaliklari hamda 53 300 nafar fuqaro qamrab olingan.

Joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, mehnat resurslari soni 19 mln 724 ming 900 kishini tashkil etadi. Bu 2023-yilning shu davri bilan solishtirganda 207 ming 400 kishiga ya’ni 1,1%ga yuqori.

O‘tgan yil yakunida mamlakatda kambag‘allik darajasi 3,1%ga pasayib, 11%ni tashkil etgan. Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi.

Inflyasiya darajasidan kelib chiqib, 2024-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati 621 ming so‘mni tashkil etdi. Bu 2023-yilda 568 ming so‘m bo‘lgan.

2023-yil yakunigacha O‘zbekistonda 127,5 mingta oila kambag‘allikdan chiqarilishi belgilangandi. 2026-yilgacha kambag‘allik 2 barobarga, 2030-yilgacha esa keskin qisqartiriladi.

2023-yilda O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 551,4 ming so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq Markaziy bank tadqiqoti 2023-yilning sentabr oyi oxirida o‘rtacha ish haqi yil davomida 18%ga o‘sib, 4,4 mln so‘mni tashkil etganini ko‘rsatgandi.