Avvalroq 3-mart kuni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakatda noqonuniy bo‘lgan fuqarolarning deportatsiya qilinishi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga navbatdagi repatriatsiya reysini amalga oshirib, AQShda qolishga qonuniy ruxsati bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarining yirik miqdordagi qismini qaytardi”, deyiladi xabarda.

Yakshanba kuni fuqarolar AQShning “Omni Air International” charter aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan reysi orqali Dallasdan Toshkentga yetkazildi. Bu parvoz O‘zbekiston fuqarolarining AQSh-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tishiga qarshi AQSh hukumati tomonidan amalga oshirilgan ishlarning so‘nggisi hisoblanadi.

2023-yilning dekabrida ham AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik ortiga qaytarilgandi. Mamlakat elchixonasi Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatga tushishini eslatmoqdi.

“O‘zbekistonliklarga odamlarga tovar sifatida qaraydigan jinoiy kontrabandachilarga aldanib qolmaslikni qat’iy tavsiya qilamiz. Biz AQShga sayohat qilishni xohlovchilarni sayohat va ish uchun xavfsiz va ishonchli marshrutlardan foydalanishga chaqiramiz”, — deya qayd etilgan.

Shu bilan birga, AQSh elchixonasi Qo‘shma Shtatlar mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik davom ettirilayotganini ta’kidladi.

Qo‘shma Shtatlar o‘z sheriklari bilan xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarini targ‘ib qilish va mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmaganlarni olib tashlash uchun ishlaydi, deyiladi xabarda.

Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmaydi. Aksincha, noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.