Avvalroq “Humo Air” 10-martdan barcha reyslarni “qayta ishga tushirish” muddatiga vaqtincha to‘xtatib, xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
Loukoster aviakompaniya Bolgariyaning “Fly2Sky” kompaniyasi bilan ijaraga olingan samolyotlarni unga qaytarishga kelishib oldi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Aviakompaniya parki ikkita Airbus A320−200 samolyotidan iborat edi. 2-mart kuni bort raqami LZ-MDI bo‘lgan avialayner Toshkentdan Plovdivga uchib, lizing beruvchi kompaniyaga qaytdi.
Shuningdek, bort raqami LZ-FSD bo‘lgan yana bir samolyot 10-martgacha parvozlarini davom ettiradi va keyin esa “Fly2Sky” qaytariladi.
“Humo Air” matbuot xizmati aviakompaniya samolyotni “lizing shartnomasining amaldagi shartlari, mo‘ljallangan biznes-rejaga muvofiq ishlab chiqishga imkon bermayotgani sabab” qaytarishga qaror qilganini qayd etdi. Loukoster aviakompaniya aprelda yangi lizing kompaniyasidan samolyotlarni qabul qiladi.
Yangi samolyotlar kelgach, “Humo Air” aprel oyidan, jumladan, xorijga ham muntazam parvozlarni boshlaydi. Kelgusida aviakompaniya ichki reyslarni to‘xtatmasdan, birinchi navbatda, xalqaro reyslarni amalga oshirishga e’tibor qaratmoqchi.
Shuningdek, loukoster aviakompaniya 11-martdan 30-martgacha bo‘lgan reyslar uchun xarid qilingan aviachiptalar bo‘yicha to‘lovlarni avtomatik tarzda bekor qilishda to‘lovlarni qaytarish so‘rovlarini ko‘rib chiqishni va reyestrlar bilan ishlashishni boshladi.
Bu haftadan boshlab “Humo Air” mijozlarning bank kartalariga pul qaytarib berilishini ta’kidladi. Bundan tashqari, yo‘lovchilar qo‘shimcha to‘lovlarsiz chiptalarni boshqa sanaga almashtirishlari mumkin bo‘ladi.
Aviakompaniya saytidan chipta xarajatlarini qanday qaytarish bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.
2022-yilning oxirida Shveysariyaning “ValleyRoad Capital S.A.” sarmoyaviy kompaniyasi 27,2 mlrd so‘mga “Humo Air"ning 100% davlat ulushini sotib oldi.
O‘tgan yilning oktabrida yil oxirigacha uchta Airbus A320 samolyoti xarid qilinishi aytildi. Dekabrga kelib esa “Humo Air” dastlabki parvozlar uchun aviachiptalar sotuvini boshlab, Nukus, Samarqand, Urganch hamda Qarshiga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.
Joriy yilning 7-yanvaridan Samarqanddan Urganchga reyslar amalga oshirila boshlandi. Oradan ikki kun o‘tib, Toshkent va Farg‘ona o‘rtasida aviaqatnovlar tashkil etildi.
Aviakompaniya Qozog‘iston, BAA, Turkiya, Xitoy, Qatar va Ozarbayjon kabi davlatlarga xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.