Avvalroq sug‘urta xizmatlari bozorini rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-iyulidan qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi (to‘liq qurilish davri uchun) mavjud bo‘lmaganda, davlat budjeti mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga quriladigan obyektlarni moliyalashtirish taqiqlanadi.
1-sentabrgacha Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga ayrim qonun hujjatlariga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini hukumatga kiritish topshirildi:
- qayta sug‘urta brokerlari, syurveyerlar, adjasterlar, assistanslar va aktuar tashkilotlar faoliyatining boshlanishi yoki tugatilishi to‘g‘risida xabardor qilish tartibini joriy etish;
- sug‘urtalovchining, sug‘urta brokerining rahbarlari va bosh buxgalterlari bilan sug‘urta faoliyati va buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi hujjatlarni bilishini aniqlashda suhbat o‘tkazish;
- vakolatli davlat organiga sug‘urta va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va qayta ishlash huquqini berish;
- prudensial me’yorlar buzilganda, to‘lovga layoqatsizlik yoki taqsimlash natijasida layoqatsizlik belgilari paydo bo‘lganda, sug‘urtalovchilar foydasini taqsimlashni cheklash;
- sug‘urta qildiruvchilarni majburiy sug‘urta shartnomalardagi da’volar bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod etish.
Jarima sanksiyalarini qo‘llash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish belgilanib, bunda majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda arizalarni ko‘rib chiqmaganlik hamda sug‘urta tovonini to‘lamaganlik uchun javobgarlik belgilanadi.
Shu bilan birga, quyidagilarga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llaniladi:
- sug‘urtalovchilar, sug‘urta brokerlari va ularning alohida bo‘linmalarining rahbarlari va bosh buxgalterlarini vakolatli organ bilan kelishmagan holda tayinlaganlik,
- vakolatli davlat organining majburiy taqdimnomalari yoki ko‘rsatmalarini bajarmaganlik,
- sug‘urtalovchi hisob va boshqa bank raqamlarida o‘tgan 12 oyda hisoblangan sug‘urta tovonlari summasining 3%idan kam bo‘lmagan mablag‘lari mavjud bo‘lishiga oid talabga rioya qilmaganlik.
Elektron shaklda sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishning yangilangan tartibini ishlab chiqishda yagona tizim orqali sug‘urta shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Quyidagi asosida Sug‘urtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi ishlab chiqiladi:
- sug‘urta tashkilotining to‘lovga qobiliyatlilik marjasining yetarlilik me’yori;
- umumiy sug‘urta da’volari soniga nisbatan o‘z vaqtida ko‘rib chiqilgan sug‘urta da’volarining soni;
- umumiy sug‘urta da’volari soniga nisbatan o‘z vaqtida to‘langan sug‘urta tovonlari soni;
- umumiy sug‘urta qildiruvchilar soniga nisbatan Agentlikka kelib tushgan sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining murojaatlari (shikoyatlar) soni;
- umumiy sug‘urta da’volari soniga nisbatan qanoatlantirilgan sug‘urta da’volarining nisbati;
- sug‘urta turlari bo‘yicha yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari va sug‘urta to‘lovlarining nisbati.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni faqat hayotni sug‘urta qilish sohasidagi litsenziyaga ega tashkilotlar amalga oshiradi. Turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish amaliyoti joriy etiladi.
Bundan tashqari, 2025-yilning 1-oktabridan sug‘urta tashkilotlarining tabaqalashtirilgan ustav kapitalining eng kam miqdoriga qo‘yiladigan talablar oshiriladi. Ular quyidagicha:
Sug‘urta faoliyati turlari | 2025-yil (mln so‘mda) | 2027-yil (mln so‘mda) | 2029-yil (mln so‘mda) |
Umumiy sug‘urta sohasida ixtiyoriy sug‘urta | 35 000 | 45 000 | 60 000 |
Umumiy sug‘urta sohasida majburiy sug‘urta | 50 000 | 75 000 | 100 000 |
Hayotni sug‘urta qilish sohasida ixtiyoriy sug‘urta | 25 000 | 30 000 | 35 000 |
Hayotni sug‘urta qilish sohasida majburiy sug‘urta | 40 000 | 45 000 | 50 000 |
faqat qayta sug‘urta | 80 000 | 100 000 | 120 000 |
Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak O‘zbekiston sug‘urta bozorida nosog‘lom raqobat muhiti shakllanganini aytgandi.