Janubiy Koreya fondi til sertifikatiga ega o‘zbekistonliklarga imtiyozlar berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassislari Seul shahrida Qirol Sejong instituti fondi raisi Li Xe Yong bilan uchrashdi.

Fond raisi Koreyada rasmiy mehnat qilish huquqiga ega 16ta davlatdan koreys tiliga o‘qitishda faqat O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘rnatganini ta’kidlab, loyihani rivojlantirishga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlarni taklif etishga tayyorligini bildirdi.

Hamkorlik doirasida o‘quv kurslari qamrovi kengaytirilib, kunduzgi va kechki guruhlarda to‘liq quvvatda o‘quv kurslari tashkil etiladi. Bu orqali joriy yilda 3 ming nafar fuqaro onlayn o‘qitiladi.

Toshkent va Samarqand shaharlarining birida oflayn kurslar tashkil etilib, vazirlik tomonidan bino ajratiladi va yangi koreys tili maktabi tashkil etiladi. Natijada bir yilda 4 ming nafar nomzodni koreys tili va madaniyatiga o‘qitish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, Qirol Sejong o‘quv kurslarida o‘qib, sertifikat olgan fuqarolarga qo‘shimcha imtiyozlar berish masalasi qisqa muddatlarda ko‘rib chiqiladi.

Bunda mazkur o‘quv markazining Koreya tomonidan tan olinadigan maxsus sertifikatiga ega bo‘lgan, Migratsiyasi agentligi orqali E-9 viza bilan ishga yuborilgan fuqarolarga E-7 vizasini olishda ustunlikka ega bo‘luvchi imtiyoz beriladi.

Koreys tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha yangi loyiha amalga oshiriladi. Unga 2024−2025 yillarda jami 200 nafar, shundan birinchi bosqichda 40 nafar fuqaro jalb qilinadi.

Loyiha doirasida o‘zbekistonlik koreys tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston va Koreyada maxsus kurslar tashkil etiladi. Kurslar davomiyli 3 oygacah davom etadi.

Bunda tinglovchilar avval O‘zbekistonda onlayn o‘qitiladi. Kurs yakunida esa Koreyada imtihonlar topshiriladi. Maxsus sertifikatga ega bo‘lgan koreys tili o‘qituvchilarini tanlov asosida Qirol Sejong institut fondi o‘ziga ishga qabul qiladi. Mazkur kelishuvlar bo‘yicha tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladi.

Avvalroq Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar mamlakat universitetiga o‘qishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Til sertifikati asosida Geoje universitetida ikki yil tahsil olgan fuqarolarga bakalavr diplomi beriladi.