Toshkent hokimligi Yashnobod tumanidagi yerusti metro tarmog‘i ostidagi biznes binolari qurilishi yakunlanganini ma’lum qildi.
Xaridorlarga Ohangaron shossesi va Toshkent halqa yo‘li bo‘ylab 60ga yaqin obyekt taklif etilmoqda. Binolardan savdo yoki maishiy xizmat ko‘rsatish uchun foydalanish mumkin.
Bunda ijara shartnomalari besh yil muddatga tuziladi. Binolar ro‘yxati va ular haqidagi ma’lumotlarni batafsil havola orqali olish mumkin.
Taklif etilayotgan binolarning o‘rtacha maydoni taxminan 160 kvadrat metrni tashkil qiladi. Suv, elektr va kanalizatsiya tarmog‘i bor, gaz mavjud emas.
Boshlang‘ich narxlar mulkning joylashgan joyiga qarab farqlanadi. Aksariyat lotlar uchun bu 190 mln so‘mdan 220 mln so‘mgachani tashkil etadi. Ulardan biri, “Iltifot” metro bekati yaqinida joylashgan bo‘lib, u 250,4 mln so‘mga baholangan.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yil aprel oyida Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab quriladigan hudud rejasi bilan tanishdi. Taqdimotda ko‘tarilgan metro liniyalari ostidagi hududlardan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda foydalanish mavzusi ko‘rib chiqildi.
2021-yilning oktabrida qabul qilingan prezident qarori bilan yer osti va yerusti metro bekatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish maydonchalarini tashkil etib, tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish belgilangandi.
O‘tgan yilning fevral oyida yerusti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi hududlarda jami 2700 o‘rinli avtoturargohlar tashkil etilishi haqida ma’lum qilindi.
Noyabrga kelib, poytaxt hokimligi metroning yerusti liniyalari ostidagi binolarni ijaraga berilishini ma’lum qildi. Yer usti metro liniyalari ostidagi foydalanilmayotgan yerlarning umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Avvalroq MIB “Tashkent City"da joylashgan binoning bir qismini auksionga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.