Avvalroq hukumat qarori bilan pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangandi.

Pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli kadrlar uchun Yagona portalda bu bo‘yicha xizmat ishga tushdi.

Bu turdagi sertifikatlash jarayoni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilib, nazorat qilinadi va muvofiqlashtiriladi.

Kasbiy sertifikat — nazorat sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxsga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi QR-kod qo‘yilgan davlat namunasidagi hujjat.

Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi. Arizalar 1 oy muddatda ko‘rib chiqiladi.

Onlayn ariza jo‘natish pullik bo‘lib, bunda, nazorat sinovida birinchi marta ishtirok etuvchilarga bepul taqdim etiladi.

Qayta ishtirok etishga onlayn ariza berishda 10% chegirma bilan 306 ming so‘m (0,9 BHM) to‘lanadi. Sertifikat cheklanmagan muddatga beriladi.

Kasbiy sertifikat olingandan so‘ng pedagogik faoliyatda 5 va undan ko‘p yil uzilishlar bo‘lsa, faoliyatni qayta boshlagan vaqtdan 1 yil ichida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi lozim.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


2023-yilning mayida prezidentning tegishli qarori bilan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etilishi belgilangandi.

Stajor-o‘qituvchilarga kasbiy sertifikat olgunigacha oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo‘llaniladi.

Hukumat qarori bilan 2024-yil 1-yanvardan boshlab pedagoglarga malaka toifalari berishning yangi tartibi belgilandi. Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshirilib, umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.