Koreyada ishlayotgan bakalavr diplomiga ega o‘zbekistonliklar magistratura bosqichida imtiyozli o‘qishlari mumkin. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Migratsiya agentligi delegatsiyasi mamlakatda joylashgan Seul milliy fan va texnologiya universiteti vitse-prezidenti Yong Ju Choy bilan uchrashdi.
Tomonlar agentlik tomonidan ishga yuborilgan, bakalavr diplomiga ega ishchilarni IT va boshqa kasblarga o‘rgatish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalarni muhokama qildi.
Xususan, kelgusida mamlakatda ishlashni xohlagan va ayni paytda Koreyada mehnat qilayotganlarni koreys tili va mutaxassislik bo‘yicha o‘qitish yuzasidan takliflar bildirildi.
Uchrashuvda yakunida agentlik hamda universitet o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Kelishuv quyidagi masalalarni o‘z ichiga oladi:
- O‘zbekistonda Koreys tili o‘qituvchilarini tayyorlash loyihasini amalga oshirish;
- bakalavr diplomiga ega fuqarolar uchun imtiyozli (onlayn, stipendiya to‘lanadigan) magistratura o‘quv bosqichini tashkil etish;
- O‘zbekistonda koreys tili va IT mutaxassisligi bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish;
- Koreyaga malakali ishchilarni (E-7 viza asosida) tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqish.
Seul milliy fan va texnologiya universiteti (SeoulTech) 1995-yilda tashkil etilgan. Oliygohda bugungi kunda 1000 nafar talaba mavjud. Magistratura bosqichida asosan IT, menejment kabi yo‘nalishlarida ta’lim beriladi.
Universitet huzurida koreys tili va madaniyatini o‘qitish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Muassasada ham onlayn, ham offlayn o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Janubiy Koreyaning Qirol Sejong instituti fondi til sertifikatiga ega o‘zbekistonliklarga imtiyozlar berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilindi.
Mamlakatda ishlayotgan o‘zbekistonliklar Geoje universitetiga o‘qishga jalb qilinadi. Til sertifikati asosida ikki yil tahsil olgan fuqarolarga bakalavr diplomi beriladi.