AQSh hukumati Qirg‘iziston fuqarolari uchun sayyohlik va ishbilarmonlik vizalari muddatini uzaytirdi. Bu haqda Amerikaning Qirg‘izistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Xususan, turistik va biznes vizalarining amal qilish muddati 10 yilgacha uzaytirildi. Ilgari bu muddat 5 yilni tashkil etgan.
Bundan tashqari, B1, B2 va B1/B2 vizasiga ariza topshirishda olinadigan $20 miqdoridagi yig‘im bekor qilindi.
“Bu o‘zgarishlar butunlay qirg‘iz xalqiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sayohat qilish jarayonini osonlashtirish va aloqalarimizni mustahkamlashga qaratilgan”, — dedi AQShning Qirg‘izistondagi elchisi Lesli Vigeri.
Yangi tartib 4-martdan boshlab beriladigan B1, B2 va B1/B2 vizalari uchun amal qiladi. Ilgari berilgan vizalar uchun esa retroaktiv kuchga ega emas.
Amal qilish muddati va o‘zaro munosabatdagi o‘zgarishlar faqat ko‘rsatilgan vizalar toifalariga tegishli. Joriy yilgi yozda konsullik xizmatlarini yaxshilash kutilmoqda.
Avvalroq 3-mart kuni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi kontrabandachilarga aldanib qolmaslikka, mamlakatga tashrif buyurishda xavfsiz va ishonchli marshrutlardan foydalanishga chaqirmoqda.
Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish ishlari davom etadi.