Toshkent shahrida avtomobillarning zararli tashlanmalari bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratiligan diagnostika markazi ishga tushdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.
5-mart kuni Shavkat Mirziyoyev ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan ishlar bilan tanishdi. Mirobod tumanining “Fayzobod” mahallasida joylashgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi yangi uslubda ishlovchi diagnostika markaziga aylantirildi.
Markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Belgiya, Fransiya kabi mamlakatlar shaharlarining tajribasi o‘rganilgan. Bu yerda davlat raqam belgisi biriktirish va qayd etish guvohnomasini topshirish jarayoni byurokratik to‘siqlar va ovoragarchiliklarsiz amalga oshiriladi, inson omili minimal darajaga tushirilgan.
Avval avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni 6−7 bosqichda amalga oshirilgan bo‘lsa, hozir bu 3taga qisqardi.
Endilikda markazda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib RFID chip o‘rnatilgan “qizil”, “sariq” yoki “yashil” yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi.
Kelgusida joriy ekologik vaziyatdan kelib chiqib, shahar hududi bir nechta ekologik zonalarga ajratiladi va transport vositalarining stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirishni bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda.
Bunda ekologik zonalarga ruxsat etilmagan avtomobillarning kirishi avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilinadi. Jarima mablag‘lari hududning ekologik holatini yaxshilash chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Tizim to‘liq ishlashi uchun mamlakat bo‘ylab 100ga yaqin havoni monitoring qilish avtomatik stansiyalari o‘rnatilishi hamda transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zarari darajasini baholashga 84ta ro‘yxatga olish-diagnostika markazlarini jihozlash belgilangan.
Shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining 216ta hududiy tuman bo‘linmalarini diagnostika uskunalari bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Aholi uchun elektromobillarni xarid qilishni rag‘batlantirish, jumladan, bunday toifadagi avtomobillar uchun davlat raqamlarini berishda undiriladigan to‘lov miqdorlarini kamaytirish yuzasidan aniq amaliy choralar ko‘riladi.