29-fevralda mamlakatda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tartibga solishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-mayidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekistondan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatiladi.
Minimal eksport narxlar belgilanadigan meva-sabzavot mahsulotlari ro‘yxati hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Savdo-sanoat palatasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi takliflarni ishlab chiqadi.
Tavsiya etilgan minimal narxlar quyidagilarga asoslanib har hafta hisoblanadi:
- O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalaridan olingan tashqi bozordagi narxlar;
- OAV (jumladan, Internetdagi ochiq manbalar) va axborot-tahliliy nashrlarda e’lon qilingan narxlar;
- tashqi savdo kompaniyalari hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining xorijdagi vakolatxonalaridan olingan eksport narxlari;
- mahalliy va xorijiy treyder hamda sorsing kompaniyalarga yuboriladigan so‘rovlar asosida olingan narxlar;
- meva-sabzavot mahsulotlarining tannarxi, ichki bozordagi ulgurji va chakana narxlar.
Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxi pasayishining tafovuti tavsiya etiladiganidan 20%dan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
Mazkur ko‘rsatkichdan kam ekanligi aniqlanganda, Bojxona qo‘mitasi holat bo‘yicha 24 soat ichida onlayn tizim orqali Soliq qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beradi.
Prezident O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida mahsulotlar eksportini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘qligini tanqid qilgandi. Agentlik qishloq xo‘jaligi eksportini tashkillashtirishga mas’ul etib belgilandi.
Avvalroq aksportbop mahsulotlar yetishtiruvchilariga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berilishi ma’lum qilingandi.