AQSh Xalqaro traqqiyot agentligi (USAID) biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida tadbirkorlar uchun grant dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
Loyiha AKT, turizm, tekstil hamda yashil iqtisodiyot yo‘nalishlarida tadbirkorlik va biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan. Dastur ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ehtiyojmand aholi vakillari uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.
Unda kichik va o‘rta tadbirkorlar, biznes maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchilar va nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirok etishlari mumkin.
Loyiha doirasida xususiy sektor sarmoyasiga turtki bo‘lish va natija uchun innovatsion yondashuvlar orqali biznes munosabatlarini o‘zgartirishni rag‘batlantirishga qaratilgan shartnomaviy grantlar ajratiladi. Ularni qo‘lga kiritishda bozor mexanizmlariga ta’sir ko‘rsata oladigan takliflar ustunlikka ega.
Moliyalashtirish loyihasi quyidagi to‘rtta mezonga ega:
- yuqori ta’sirga ega firma/bozor hamkorliklari;
- moliya, investitsiyalar va texnologiyalar transferi;
- ishchi kuchining malakasi va mahsuldorligi;
- dasturiy va institutsional rivojlanish.
Grant jarayoni ikki bosqichda davom etib, birinchi bosqichda ariza beruvchilar tomonidan loyiha konsepsiyasi taqdim etiladi. Ikkinchi bosqichda esa saralangan arizachilar tomonidan to‘liq loyiha arizasi qabul qilinadi. Taklif etilayotgan dasturlarning davomiyligi 12 oygacha bo‘lishi mumkin.
Tanlangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga USAID tomonidan qo‘shma moliyalashtirish miqdori $25 mingdan $100 minggacha bo‘lishi mumkin. Ishtirokchilar kamida 50% qo‘shma investitsiya taqdim etishlari kerak. Ayollar, yoshlar va ehtiyojmand guruhlar uchun esa bu miqdor 20%gachani tashkil etadi.
Nomzodlar ko‘pi bilan 3 betlik loyiha konsepsiyasini (o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida) va dastlabki budjet smetasini taqdim etishlari kerak. To‘liq bo‘lmagan loyiha konsepsiyalari ko‘rib chiqilmaydi.
Arizalarni joriy yilning 31-mayigacha uzbsp-grans@thepalladiumgroup.com elektron pochta manziliga jo‘natish mumkin.
Batafsil ma’lumot bu yerda.
Bundan tashqari, 28-mart kuni soat 10:00da loyihaning “Telegram” kanalida dastur haqida ma’lumot berish bo‘yicha onlayn uchrashuv o‘tkaziladi.
Avvalroq USAID “Energiya” muvofiqlashtirish va dispetcherlik markaziga $1,4 mlnlik texnikalarni topshirgandi. Yangi qurilmalar Markaziy Osiyo elektr energiyasi oqimini boshqarish hamda nazorat qilish imkoniyatini yaxshilaydi.