Avvalroq xonadonlarda sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, “Online-mahalla” platformasining “Aholi tomorqasi” moduliga ayrim ma’lumotlar har 6 oydan — aprel va oktabr oylarida kiritib boriladi.
Bunda tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xonadonda mavjud issiqxonalar hamda tomorqadan samarali foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada (shundan 4%i bank marjasi) quyidagicha beriladi:
- chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va “dala do‘konlari"ni qurish uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga;
- bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirishga bino va inshootlar qurish, ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish, artezian quduqlarini qazish uchun — 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga.
2027-yilgacha motokultivatorlar, bir o‘qli traktorlar va minitraktorlarni olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari qo‘llaniladi.
Avvalroq eksportbop mahsulotlar yetishtiruvchilariga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berilishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishda minimal eksport narxlari belgilanadi. Mazkur mahsulotlarning eksport narxi pasayishining tafovuti 20%dan kam bo‘lmasligi kerak.
Fevral oyi oxirida xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar importiga bojxona bojining nol stavkasi 2027-yilgacha uzaytirildi. Jumladan, 82 turdagi mahsulotlar qatorida yuvish vositalari, sun’iy mum, kastor yog‘i, to‘qimachilik bo‘yog‘i hamda keramik mahsulot kabilar bor.