O‘tgan yili O‘zbekiston Rossiyadan tabiiy gazni ichki gaz tariflaridan ancha yuqori narxda sotib oldi, deb yozadi “Kommersant”.

2023-yilda O‘zbekistonga yetkazib berish narxi 1000 kub metr uchun $160ni tashkil qilgan. Yiliga 2,8 mlrd kub metr gaz hajmi bilan import taxminan $450 mlnga tushadi.

Agar gaz importining butun hajmi aholi ehtiyojiga ketgan deb hisoblansa, har bir kubometr uchun 330 so‘m tarif bilan fuqarolar atigi $73,8 mln to‘laydi. Qolgan farqni davlat byudjeti hisobidan qoplash kerak bo‘ladi.

Joriy gaz tariflari, shu jumladan budjet va ulgurji iste’molchilar uchun — Rossiya gazini import qilish xarajatlarini to‘liq qoplashga imkon bermaydi, bu esa oxir-oqibat budjet uchun xarajatlarga olib keladi.

Biroq, O‘zbekistonga yetkazib berish narxi Turkiya (1000 kub metr uchun taxminan $270−280) va Xitoyga (1000 kub metr uchun $260−270) o‘rtacha sotish narxlaridan past.

Energetika va moliya instituti xodimi Sergey Kondratiyevning qayd etishicha, gazning hozirgi narxi “Gazprom"ga 1 ming kub metrdan $20−22 foyda olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, yetkazib berish rentabelligini oshirishga O‘zbekistonga yetkazib berish uchun eksport bojlarini bekor qilish, shuningdek, “Gazprom"ning respublikada gazni qayta ishlash loyihalariga kirishi ham yordam berishi mumkin.

5-mart kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliev 2026-yildan boshlab Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazilishini 3 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrga oshirish rejasini ma’lum qildi.

Biroq, Kondratiyevning fikricha, mahalliy gaz qazib olishning qisqarishi fonida O‘zbekiston Xitoyga eksport shartnomasini bajarish uchun 11 mlrd kub metr hajm yetarli bo‘ladi.

“Menimcha, O‘zbekiston 2030-yilga borib Xitoyga 5−6 mlrd kub metr eksport qilishi uchun importni 15−18 mlrd kub metrgacha oshirishi kerak. Albatta, bu holatda gap nafaqat Rossiyadan yetkazib berish, balki Turkmanistondan import hajmini oshirish haqida ketmoqda”, — deya xulosa qiladi ekspert.

Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish 7-oktabrdan boshlandi. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oxiriga kelib tranzit 800 mln kub metrni tashkil etgan va yil davomida 2,8 mlrd kub metr gaz yetkazib berilishi kutilmoqda.

Oktabr oyi oxirida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya gaz sohasida yaqin 15 yilga mo‘ljallangan hamkorlik shartnomasini muhokama qilishayotganini aytdi.

Yetkazib berish hajmini oshirish uchun Rossiya davlat kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Fevral oyida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov mamlakatlar “ta'minotni aniq oshirish” bilan yangi uzoq muddatli gaz shartnomasini tuzishni muhokama qilayotganini aytdi.

O‘zbekiston hukumatining 2024-yilning birinchi choragi uchun investitsiya dasturida Rossiyadan gaz importini kuniga hozirgi 9 mln kubometrdan 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2030-yilgacha “O‘ztransgaz” davlat kompaniyasi gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish va “Gazli” gaz omborining quvvatini ikki barobar oshirish uchun $470 mln sarmoya kiritmoqchi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistondagi zapravkalar qachon ochilishi ma’lum qilingani haqida yozgandi.

Barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati 7-martdan tiklanadi.