Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev yaqin orada yangi turdagi kredit tashkilotlari — mikromoliya banklari paydo bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda u 6-mart kuni “Fitch” reyting agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qayd etdi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Turdaliyevning aytishicha, regulyator mikromoliya banklarini tashkil etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda va aprel oyigacha Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Mazkur kredit tashkilotlari banklar va mikromoliya kompaniyalari o‘rtasida oraliq bo‘g‘in vazifasini bajaradi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari O‘zbekistonda mikromoliyalash bo‘yicha hududiy banklarni tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Mikromoliya tashkilotlari regulyatordan litsenziya olgach, mikromoliya banklariga aylantirilishi mumkin, banklar esa klassik banklarning eng kam ustav kapitali bo‘yicha ortib borayotgan talablarga javob bermasa, mikromoliya banklariga qayta rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Agar u [bank] [ustav kapitali hajmiga] minimal talablar kuchga kirgungacha bajarilmasa, u osonlik bilan mikromoliya bankiga aylanishi mumkin, ammo kredit portfeliga nisbatan qo‘shimcha minimal talablar mavjud. Agar u faqat chakana [chakana kreditlash] bilan shug‘ullangan bo‘lsa, biznes uchun ma’lum bir muddatga portfel yaratishi kerak bo‘ladi. Biz bank faqat tadbirkorlik bilan shug‘ullansa, mikrobiznesni qo‘llab-quvvatlasagina unga qulayroq shart-sharoitlarni taqdim etishga rozimiz”, — dedi u.
Turdaliyevning ta’kidlashicha, mikromoliya banklari umumiy kredit portfelining kamida 70%ini biznesni moliyalashtirishga yo‘naltirishlari shart. Endilikda moliya institutlari uchun aholi yoki kichik va o‘rta biznes bilan ishlash qulayroq, mikrobiznes bilan o‘zaro hamkorlik esa individual yondashuvni talab qiladi, bu esa oddiy banklar uchun ular bilan ishlashni qiziqtirmaydi, deya qo‘shimcha qildi rais o‘rinbosari.
Mikromoliya banklari ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘m, eng yuqori miqdori esa 500 mlrd so‘m etib belgilanadi.
Markaziy bank tuman banklari paydo bo‘lishini xohlaydi, chunki ular hududlarda yashovchi aholi va ularning imkoniyatlarini yaxshiroq bilishadi, bu esa kredit olish imkoniyatini oshiradi.
O‘tgan yilning aprel oyida prezident banklarning eng kam ustav kapitalini uch bosqichda oshirishni tasdiqlagandi: 2023-yilning 1-sentabridan 200 mlrd so‘mni, 2024-yilning 1-aprelidan 350 mlrd so‘mni hamda 2025-yildan 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.
Joriy yilning yanvar oyida Markaziy bank klassik va raqamli (neo) banklarni qonunchilik darajasida farqlash taklifini rad etdi.
Avvalroq 1-iyuldan Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish talablarini kuchaytirayotgani haqida xabar berilgandi.