6-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazdi.
Viloyatning iqtisodiy rivoji mavjud salohiyatga mos emasligi, savdo, yer-suv, transport-tranzit imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Ba’zi ko‘rsatkichlar bunday qulayliklar bo‘lmagan ayrim chekka hududlardagidan ham past.
Poytaxt faol rivojlanayotgani fonida uning yonidagi viloyat hududlari bu sur’atdan ortda qolmoqda. Masalan, Toshkent, Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq tumanlarida sanoat hajmi yondosh poytaxt tumanlariga nisbatan bir necha barobar kam. Qurilish sohasi ham shunday ko‘rsatkichga ega.
Bir qator kichik tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatgan. 29ta yirik korxonada hamda Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ishlab chiqarish kamaygan. Viloyatda ekin yerlari ko‘p bo‘la turib, Andijon bilan deyarli bir xil hajmda mahsulot yetishtirilgan.
Hududlarning bor salohiyati daromadga aylanmayapti. Sababi “o‘sish nuqtalari"ni topish va ishga solish bo‘yicha hokimlarda tashabbus yetishmayapti. Ayrim hokimlar hatto o‘z hududida “pastga tushmagan”, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga harakat qilmagan, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda viloyatdagi shahar va tumanlar mutasaddilari o‘z faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Parkent, Yangiyo‘l, Chinoz va Oqqo‘rg‘on tumanlarida turizm, tranzit va iqtisodiy qulayliklar ko‘p bo‘lishiga qaramay, taraqqiyotdan orqada qolayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari topshirig‘iga bilan ulardagi haqiqiy holat, imkoniyatlar va tadbirkorlarning takliflari o‘rganildi. Yig‘ilishda mazkur tumanlarning “o‘sish nuqtalari” taqdimot qilindi.
Parkent tumanining xushmanzara joylariga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash, mikroavtobuslar qatnovini tashkil etish, yo‘l bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurishga tadbirkorlarga yer ajratish taklif etilmoqda.
Parkentsoy, Qizilsoy va Chovlisoyning muhofaza hududini aniq belgilash va qirg‘oqlarini mustahkamlash orqali bo‘shaydigan yerlardan samarali foydalanish ham mumkin.
Yangiyo‘l tumanida hozirda bo‘sh turgan inshootda oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlariga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Chinoz tumanida savdo-ko‘ngilochar majmua va baliq bozori barpo etish, yo‘l bo‘yida savdo va xizmatlarni kengaytirish, xonadonlarda issiqxonalarni ko‘paytirish kabi imkoniyatlar hisob-kitob qilingan. Oqqo‘rg‘onda to‘qimachilik korxonalarini tumandagi bo‘sh binolar o‘rnida tashkil qilish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari tumanlar iqtisodiyotini sog‘lomlashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rsatib o‘tdi. Mutasaddilarga viloyatning barcha hududlarini shunday tahlil qilib, qo‘shimcha “o‘sish nuqtalari"ni aniqlash, daromad manbalarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Xususan, Ohangaron tumanida O‘zbekiston — Vengriya sanoat zonasi tashkil etilib, $100 mlnlik loyihalar joylashtiriladi. Angren erkin iqtisodiy zonasida maishiy texnika, metall prokat, meva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha $400 mlnlik, “Eltex industrial” texnoparkida $260 mlnlik loyihalar amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilib, iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Poytaxtdagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich shahardan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilgani, bu Toshkent viloyati uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.
O‘zini o‘zi band qilganlarning kichik biznesga o‘tishi, faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning ishini yana tiklashiga ko‘maklashiladi. Tomorqalarda Chinoz tajribasi bo‘yicha ixcham issiqxonalar, kooperatsiya asosida mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi.
Shuningdek, joriy yilda mahalliy va xorijiy turistlar sonini 5 mlnga, turizm eksportini kamida $300 mlnga yetkazish choralari bo‘yicha fikr almashildi.
Xotin-qizlar va yoshlarni kasbga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Avvalroq Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan xususiy aerodrom qurilishi haqida xabar berilgandi.