Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish va aholining mazkur sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etiladi.

Shuningdek, joriy yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarishga oid loyihalar bilan bir qatorda mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarga, 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bundan mustasno, muzlatgichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlari aholiga 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga xonadonlarda biogumus tayyorlash faoliyati kiritiladi.


Avvalroq “Spot” Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilishi haqida yozgandi.

Bunda yerlar 30 yilga ijaraga berilib, yer narxini uch yil muddatda har oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.