Ayrim talaba-o‘quvchilar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati xabar bermoqda.
Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan oliy va professional ta’lim muassasalarining ayrim talaba-o‘quvchilariga to‘lov-kontrakt pullarini to‘lashning so‘nggi muddati joriy yilning 10-apreligacha etib belgilandi.
Bunda, 2023/2024-o‘quv yilida bazaviy yoki super-kontraktning bir yillik o‘qitish qiymatidan kamida 50%i miqdoridagi to‘lovlarni to‘lash hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish mazkur sanagacha amalga oshirilishi mumkin.
Mazkur muddat quyidagilarga amal qiladi:
- OTMga kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan (OTM rahbarining farmoyishi asosida o‘qishga qatnashishga ruxsat etilgan, fanlarni o‘zlashtirgan lekin, shartnoma tuzib, to‘lovlarni belgilangan muddatlardan kechikib to‘lagan va talabalikka qabul qilish bo‘yicha buyruq rasmiylashtirilmagan) abituriyentlar;
- xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishini ko‘chirayotgan, ko‘chirib tiklayotgan va qayta tiklayotgan talabalar;
- professional ta’lim muassasalari (kollej, texnikum)ga to‘lov-kontrakt asosida o‘quvchilikka tavsiya etilgan abituriyentlar.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari kontrakt pulini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Joriy o‘quv yilida davlat OTMlarining barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydi. Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari ham o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoladi.
Avvalroq 1-bosqich talabalari uchun kontrakt to‘lash muddati 15-oktabrdan 25-dekabrgacha uzaytirilgandi.