Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik va uning sabablari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi.
Joriy yil boshida O‘zbekiston aholisi 36,8 mln kishiga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2%ga yoki 775 ming kishiga oshdi. Shundan ayollar ulushi 49,7%ni tashkil etdi.
So‘nggi paytlarda ayollarning ishsizlik darajasi ortib bormoqda. Yuqori ko‘rsatkichlar bir tomondan tug‘ilish ko‘rsatkichlari va uy ishlariga ko‘p vaqt ajratilishi, ikkinchi tomondan esa aholi mentaliteti bilan ham bog‘liq.
2023-yilda 961 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu esa ayollarning mehnat bozoridan vaqtincha chiqib ketishi va iqtisodiy nofaol maqomiga tushishiga olib kelmoqda. Фyollar vaqtining 22%ini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi.
Mamlakatda ayollarning ishsizlik darajasi 13,4%ni tashkil etdi (bu ko‘rsatkich erkaklar orasida 5,4%ga teng). 2018−2022 yillarda ishsizlik darajasi 1,8% punktiga o‘sgan.
Eng past ko‘rsatkichlar Toshkent shahri (7,9%), Namangan (11,9%) va Toshkent (12,8%) viloyatlarida kuzatilmoqda.
So‘rovda ishtirok etgan ayollarning o‘rtacha yoshi 35ga teng. Respondentlarning deyarli 67%i oilali, 72%i esa — oliy ma’lumotli.
Ularning 58,9%i iqtisodiyotda band, 14,5%i ishsiz, 25,5%i uy bekasi yoki tug‘ruq ta’tilida. 22%i bakalavr, 18%i magistratura bosqichini grant asosida tamomlagan. Shuningdek, ta’lim (29%), sog‘liqni saqlash (13%) va IT (6,3%) sohalarida band.
Ishsiz respondentlarning o‘rtacha yoshi 32ga teng. Ularning 56%i oliy (bakalavrni grant asosida tamomlaganlar 25,5%, magistraturani tamomlaganlar 25,6%), 29%i o‘rta maxsus ma’lumotga ega.
Ularning 8,5%i ishlamaslik sabablari sifatida ishlash istagi yo‘qligini, 7,5%i turmush o‘rtog‘i ruxsat bermasligini, 19,5%i uy ishlari va farzand tarbiyasidan ortmasligini, 22,7%i ish o‘rni yo‘qligi yoki oylik maoshlar pastligini hamda 5,3%i ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Shuningdek, 13,4%i tanish-bilishlarsiz ishga kirish qiyinligini, va 4,9%i ko‘nikmaga ega emasligini keltirishgan. Ishsiz ayollarning 85,4%i ishlash istagi borligini bildirganiga qaramay, ularning bor-yo‘g‘i 24,4%i mehnat organlariga murojaat qilgan.
75% ishtirokchi kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lsada, 62%i yangi kasb o‘rganish istagida ekanligini qayd etgan. Ishsiz ayollarning asosiy qismi (40%) sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimida mehnat qilish istagida.
Bundan tashqari, 55%i tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagi borligini ta’kidlagan. Lekin, 45%i biznesini tashkil qilishga qiyinchilik tug‘diruvchi asosiy omil sifatida mablag‘ni keltirishgan.
Shuningdek, 24%ida bilim va ko‘nikma, 15%ida garov mulki yetishmaydi, 13,5%i kredit olishdagi qiyinchiliklar, 22%i farzand tarbiyasi va uy ishlaridan ortmayotganini aytgan.
Respondentlar ayollarni ish bilan ta’minlashga kasbga qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, mehnat bozori haqidagi ma’lumotlarni muntazam berib borish hamda ayollar biznesi uchun bino va inshootlarni bepul ijaraga berish kabilarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlashgan.
Ayollarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi ularning ishlash ehtimolini 0,99%ga oshiradi, oilali bo‘lish esa ishlash ehtimolini 1,35%ga kamaytiradi, ayol yoshining kattalashishi uning ishlash ehtimolini 0,08%ga oshiradi. Ekspertlar ayollar orasidagi ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha bir nechta takliflarni bildirdi.
Xususan, ayollar ta’limini rivojlantirish borasida quyidagilar ilgari surilmoqda:
- xususiy o‘quv markazlarida qizlarini o‘qitayotgan ota-onalar uchun kurs to‘lovini daromad solig‘i hisobidan qaytarish;
- mamlakatdagi xorijiy OTMlarning magistratura bosqichini bepul qilish;
- birinchi yili OTMga kira olmagan ayollar uchun kelgusi yillarda qayta hujjat topshirish to‘lovini bekor qilish.
Ayollar bandligini ta’minlash uchun quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadga muvofiq:
- moslashuvchan ish jadvali va masofaviy ishlash tizimini rivojlantirish, bunday ish o‘rinlarini taklif etuvchi ish beruvchilarga soliq imtiyozlarini joriy etish;
- IT, moliya va sug‘urta tarmoqlarida gender tengligini (kamida 30%ini ayollar tashkil etgan) ta’minlagan ish beruvchilarga soliq va kreditlar bo‘yicha imtiyozlar berish;
- ishsiz ayollarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilarni ijtimoiy soliqdan ozod etish;
- mahallalarda raqamlashtirish savodxonligini oshirish va ijtimoiy media marketing kurslarini tashkil etish;
- talabga javob beruvchi davlat bog‘chalaridagi 2 yoshli bolalarni ham joylashtirish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish;
- “Ona tadbirkor” davlat dasturini joriy etish;
- bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tashkil etish va boshqalar.
Prezident xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilishga 15 trln so‘m ajratilishini ma’lum qildi. “Yoshlar daftari"ga kiritilgan 8 ming nafar xotin-qizga o‘z biznesini boshlashi va mehnat qurollarini xarid qilishi uchun subsidiya, 10 ming nafariga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida o‘z reytingini yaxshilagani haqida xabar berilgandi.