Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrifi davomida mamlakat kompaniyalari bilan tadbirlar tashkil etildi.
“Dell Technologies” kompaniyasining Global davlat siyosati vitse-prezidenti Daniel Green va “GovSmart” kompaniyasi bosh direktori Brent Lillard bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda “Dell Technologies"ning O‘zbekiston yoshlari uchun AQSh bozoriga masofaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu sun’iy intellektga asoslagan, dasturlash tizimlari talabiga javob beruvchi va yuqori texnologik kompyuterlari bilan ta’minlash orqali amalga oshirilishi mumkin.
Xususan, Toshkent shahrida “Dell” kompaniyasining rasmiy ofisini O‘zbekistonda ochish muhokama etildi.
Mazkur kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida, Raqamli texnologiyalar vazirligi va “GovSmart” kompaniyasi o‘rtasida majburiyat xati imzolandi.
USAID tashkiloti hamda “Hewlett Packard” (HP) kompaniyasi bilan IT-autsorsing va O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, masofaviy ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Hozirda Jahon banki va USAID bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni, jumladan, ayollar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar farzandlarini raqamli iqtisodiyotga jalb etishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari, IT-mutaxassislarini o‘qitish va tayyorlash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash hamda ta’lim va mehnat uchun sifatli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Jahon banki bilan elektron hukumat va sun’iy intellekt tizimlarini rivojlantirishda Saudiya Arabistoni tajribasini o‘rganish taklif etildi.
Mamlakatning Raqamli hukumat tashkiloti vitse prezidenti Abdulrahman Almutairi bilan delegatsiyaning aprel oyidagi mamlakatga tashrifi doirasida yechimlar bilan tanishtirishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq “EPAM” O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislar markazini tashkil etishga yordam berishi ma’lum qilingandi.