“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik tomonidan 2023-yil davomida Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi.
Bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta'minot” davlat muassasasi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasida budjet hisobidan xarid qilingan kompyuter va boshqa vositalarning texnik topshiriqlarga muvofiqligi va mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi o‘rganildi.
Xususan, yetkazib berilgan kompyuterlarning texnik xususiyatlari o‘rganilganida shartnomada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmaganligi aniqlandi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi. Departamentning Toshkent shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borildi.
Unga ko‘ra, “O‘quv ta’lim-ta'minot” va “Smart Sales Leader” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha elektron vositalar yetkazib berilmasdan, jami 919,36 mln so‘m miqdordagi mablag‘lar o‘zlashtirilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan departamentning Toshkent shahar bo‘limi tomonidan davlat muassasasi hamda korxonaning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlarga ko‘ra, “Smart Sales Leader” korxonasi Toshkent shahrida joylashgan. 2021-yilning 18-fevralida ro‘yxatdan o‘tgan. Mashinalar, uskunalar, sanoat uskunalari, suv kemalari va havo kemalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi — 200 mln so‘m.