“Apple” hozirda 20 dyuymli buklanuvchi ekranga ega “MacBook” noutbukini faol ravishda ishlab chiqmoqda, u taxminan uch yildan keyin sotuvga chiqariladi. Bu tahmin bilan TF Securities kompaniyasining taniqli tahlilchisi Ming-Chi Kuo o‘rtoqlashdi.

“Apple'ning aniq ishlab chiqish taqvimiga ega bo‘lgan yagona yig‘iladigan mahsuloti 20,3 dyuymli MacBook bo‘lib, u 2027-yilda ommaviy ishlab chiqarilishi kutilmoqda”, dedi Kuo “X” ijtimoiy media sahifasida.

Avvalroq, “Display Supply Chain Consultants” tahlilchisi Ross Young, “Bloomberg"dan Mark Gurman, shuningdek, Janubiy Koreyaning “The Elec” sayti “Apple” kompaniyasi buklanadigan ekranli “MacBook"ni chiqarishdan manfaatdor ekani haqida xabar bergandi.

Hozirda “Apple” portfelidagi eng katta noutbuk 16 dyuymli “MacBook Pro” hisoblanadi. Kompaniya ilgari 17 dyuymli “MacBook Pro” ishlab chiqargan, biroq uni ishlab chiqarish 2012 yilda to‘xtatilgan.

Yangi buklanadigan “MacBook” to‘liq ochilganda ekran diagonali taxminan 20 dyuymga ega bo‘ladi.

Kuo yaqinlashib kelayotgan 20 dyuymli “MacBook'ni “Apple"ning aniq ishlab chiqish jadvaliga ega yagona buklanadigan mahsuloti deb ataganiga ko‘ra, buklanadigan iPhone yoki iPad planshetlarining yaqin orada chiqarilishini kutilmaydi.


Avvalroq “Spot” “Apple” SIM-kartalarni qo‘llab-quvvatlaydigan birinchi MacBookni tayyorlayotgani haqida yozgandi.

Biroq kompaniyaning hali bunday turdagi Macbookni qachon taqdim qilishi aniq emas.