Sirdaryo o‘zanida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.

Prezidentning 11-martda qabul qilingan suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solishga qaratilgan farmoni bilan tegishli hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-mayidan Sirdaryo daryosi o‘zanidagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi. Noqonuniy qazib olish ishlari natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Sirdaryo daryosining yuvilgan qirg‘oqlarini mustahkamlash, qirg‘oq bo‘yi mintaqasidagi buzilgan yerlarning tabiiy holatini qayta tiklash va reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, may oyidan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanadi. Daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish huquqi faqat “E-auksion” orqali beriladi.

Qum-shag‘al materiallari qazib olishni taqiqlash va tog‘li yoki tog‘oldi hududlarda joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlari tashkil etiladi.

Moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noqonuniy qazish natijasida tabiatga yetkazilgan zararni qoplash miqdori 10 baravarga oshiriladi.

Ekologiya vazirligiga monitoring va doimiy reydlar o‘tkazish, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rib borish vazifalari yuklatildi. Noruda materiallarni qazib olish bilan shug‘ullanganlar tegishli majburiyatlarining bajarilishini qat’iy nazoratga oladi.

1-aprelgacha tog‘ va tog‘oldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqiladi.

1-oktabrgacha davlat kosmik monitoringi doirasida noruda materiallarni qazish hamda daryo o‘zanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlash va tegishli ma’lumotlarni vakolatli organlarga taqdim etish tizimi yaratiladi.

2024-yilning 1-iyunigacha Chirchiq daryosi o‘zanini ekologik reabilitatsiya qilish bo‘yicha kompleks loyiha ishlab chiqiladi.

Avvalroq sement zavodlarini qurishga moratoriy joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Ekologiya vazirligi atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdorini 10 mlrd so‘mgacha oshirishni taklif qildi.