“UzAuto Motors” kompaniyasi uchta ommabop avtomobillar narxini oshirdi.
12-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari narxlari oshgani haqida xabarlar tarqalgandi. “UzAuto Motors” matbuot xizmati “Spot"ga mazkur avtomobillar narxi oshganini tasdiqladi.
Unga ko‘ra, avtomobillarning narxlari quyidagicha oshirilgan:
- Damas D2 DLX Style Plus — 96 mln 932 ming so‘mdan 100 mln 325 ming so‘mga;
- Labo LB2 Plus — 91 mln 370 ming so‘mdan 98 mln 779 ming so‘mga;
- Cobalt GS-Style Plus MT — 125 mln 210 ming so‘mdan 133 mln 598 ming so‘mga;
- Cobalt GX-Style Plus AT — 146 mln 757 ming so‘mdan 156 mln 589 ming so‘mga.
“UzAuto Motors"ning qayd etishicha, ishlab chiqarish hajmini oshirish ishlari xaridorlarga “vositachilarni” chetlab o‘tib, avtomobillarning mavjudligini ta’minlash imkonini bergan. Natijada, ikkilamchi bozorda avtomobil narxlari keskin pasaydi.
Talab ortib borayotgani hisobiga “Damas”, “Labo” va “Chevrolet Cobalt” avtomobillarini ishlab chiqarish hajmini qo‘shimcha oshirish belgilangan. Oldingi shartnoma paytida kechiktirilgan to‘lovlar kompaniyaga qo‘shimcha avtomobillarni taklif qilish imkonini beradi.
Kompaniya ommabop avtomobillar uchun shartnomalar ochilish vaqti keyinroq e’lon qilinishini ham qayd etdi. Qo‘shimcha hajm 2024-yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilib, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxini 3,5−6,7%gacha qayta ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, kompaniya avtomobillar sotuv tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini qayd etdi. Tizim dilerliklarga keyinchalik sotish uchun avtomobillarni xarid qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, dilerliklarga avtomobil uchun tavsiya etilgan chakana qiymat belgilanadi.
“Mazkur yondashuv nafaqat dilerlik markazlari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi, balki xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilaydi. Dilerlik markazlari xizmat ko‘rsatish sifati va innovatsion xizmatlarni yaxshilash orqali qo‘shimcha opsiyalar va aksessuarlarni taklif qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi”, deyiladi xabarda.
Kompaniya 25−27 dekabr kunlari “Cobalt”, “Damas” va “Labo” ommabop avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani amalga oshirdi. Natijada, jami 171 200dan ortiq kontrakt tuzildi.
Bundan tashqari, kompaniya shartnomalar savdosi kuzatilgani sabab, bu boradagi kelishuvlar bo‘yicha ogohlikka chaqirdi.