Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya universiteti tashkil etiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbout xizmati xabar berdi.

11-mart kuni vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez bilan uchrashdi. Tomonlar oliy va professional ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘zaro aloqalarni mustahkamlash ishlarini muhokama qildi.

Xususan, Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish va joriy yilning sentabridan universitetning tayyorlov kurslarini ochish tashabbusi ilgari surildi.

O‘quv rejalari, ta’lim dasturlarini yaratish va tasdiqlash, professor-o‘qituvchilarni jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining Fransiyada amaliyot o‘tashlarini tashkillashtirish, talabalarga fransuz tilini o‘rgatish dasturlarini takomillashtirish, fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Joriy yilning oktabr oyida Toshkentda bo‘ladigan O‘zbekiston-Fransiya rektorlar forumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.

2023-yilning oktabrida O‘zbekistonda Fransiyaning Panteon Assas universiteti filialini ochish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingandi.