12-mart kuni elektr stansiyalar orqali 234,5 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.
Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 50,8 mln kubometr tabiiy gaz, 19,2 ming tonna ko‘mir hamda 1,6 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmanistondan 16,2 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilindi. Iste’molchilarga 218,9 mln kVt/soat, rejadagiga nisbatan 6% ko‘p elektr energiyasi, 148,8 mln kubometr (11% ko‘p) tabiiy gaz yetkazib berildi.
11−12 mart kunlari yuz bergan kuchli yomg‘ir va qattiq shamol tufayli tarmoqlarda sodir bo‘lgan avariyalar va kutilmagan avariyalarning oldini olish uchun seshanba kuni elektr energiyasi yetkazib berishda 150 MVtgacha cheklovlar kiritildi.
Shuningdek, 1 346ta AGTKSh orqali jami 14,3 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Stansiyalar tomonidan 700 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari benzin hamda dizel bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. 12-mart kuni “O‘zbekneftgaz” tomonidan barcha AYoQShlarga 3 310 tonna benzin yetkazib berildi.
Birja savdolariga qo‘yilgan 7 140 tonna benzinning 4 350 tonnasi, 1 304 tonna dizelning esa 985 tonnasi sotildi.
12-mart kuni Farg‘ona viloyatidagi 110 kVli “L-Arsif” va 110 kVli “L-Charxiy-1” elektr uzatish tarmoqlarida nosozlik kuzatilib, avariyaviy o‘chdi. Natijada, Yozyovon va Toshloq tumanlaridagi 4 300ta, Qo‘qon shahridagi 4 200ta iste’molchi hamda kichik korxonalar elektr ta’minotidan uzildi.
Toshkent shahridagi 110/35/10 kVli “Teplichnaya” podstansiyasi 15 MVt quvvat bilan kuchlanishsiz qolib, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi 3 700ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzildi. Shu kunnig o‘zida mazkur holatlar bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklandi.
Tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytishi sabab, 18-fevralda elektr energiyasiga o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilindi. 8-martdan buyon elektr energiyasi yetkazib berishda hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayotgandi.
Joriy yilning 18-fevralidan AGTKShlar faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilgandi. 22-fevraldan bu cheklovlar mahalliy hokimliklar bilan kelishilib, reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olina boshlandi. 7-martdan ularning faoliyati tiklandi.