Toshkent shahrida fuqaroni Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, departamentning Sergeli tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro F.E. qo‘lga olindi.
Mazkur shaxs fuqaro M.Ya.ning ishonchiga kirib, uni $16 ming evaziga Turkiya, Meksika va Nikaragua orqali Amerikaga ishlash uchun yuborishini va’da qilgan. Natijada, oldindan $9 mingni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
2023-yilning dekabrida fuqarolarni Meksika orqali Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik fosh bo‘ldi. Samarqand va Farg‘onada fuqarolar ishonchiga kirib, ularni AQShga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi.
Jizzaxda ham fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi. Bu holat yanvarda Toshkent shahri va Samarqand viloyatida ham kuzatildi.
Avvalroq 3-mart kuni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortiga qaytarilgandi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ogohlantirish bilan chiqdi.
2023-yilning dekabrida ham AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik ortiga qaytarilgandi. Mamlakat elchixonasi Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatga tushishini eslatmoqdi.
Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmaydi. Aksincha, noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.