Joriy yilning 1-fevralidan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi ilk mavsumi boshlangandi.
Loyihalarni kiritish 1−20-fevral kunlari amalga oshirilib, 21-fevraldan 11-martgacha saralash belgilangan. Navbat esa ovoz berish jarayoniga (12−31-mart) yetib kelgandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 1-mavsum doirasida loyihalarga ovoz berish jarayoni 13-martdan boshlanishini ma’lum qilgandi.
Biroq, mazkur sanaga kelib, “Ochiq budjet” portali ishida ayrim texnik nosozliklar yuzaga kelib, uzilishlar ro‘y berdi.
Nosozliklarni to‘liq bartaraf etish maqsadida ovoz berish jarayonlari vaqtincha to‘xtatiladi.
Jarayon 16-mart soat 00:00dan davom ettiriladi. Loyihalar uchun ovoz berish jarayoni joriy yilning 1-apreligacha davom etishi kerak edi.
Vazirlik mutaxassislar tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini bildirdi.
Tizim faoliyatiga oid qo‘shimcha savollar yuzasidan +99871 2035050, 01323, 01327 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.
Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1,36 mlrd so‘mni tashkil etadi.
2024-yilgi davlat budjetida tashabbusli budjetlashtirish tadbirlari doirasida 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan jihozlash bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishga 26,6 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilangan.
O‘tgan yilgi oxirgi mavsum jarayonida “Tashabbusli budjet” doirasida xodimlarni majburiy ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilganlik uchun qanday jazo mavjudligi haqida ma’lumot berilgandi.