Fevral oyida ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bo‘yicha 22,2 mingta shartnoma tuzildi. O‘tgan oyga nisbatan bu ko‘rsatkich 2%ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Yil boshida bir qator hududlarda qayd etilgan faollikning pasayishi fevral oyida to‘liq tiklandi.
Yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent (14%), Andijon (16%) va Farg‘ona (13%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Poytaxtda uy-joy ijarasi bozorida narxlarning pasayishi kuzatildi. Yanvar oyida ijara bozori 2,2%ga pasaygan bo‘lsa, fevral oyida esa 1,1%ga pasayib, 1 kvadrat metr uchun $8,9ni tashkil etdi.
Yillik hisobda ijara haqining eng ko‘p pasayishi Olmazor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida 13%dan 18%gacha qayd etildi.
Bektemir va Shayxontohur tumanlarida oylik ijara haqi oshdi, bu yerda uy-joyni ijaraga olish mos ravishda 3,5% va 2,5%ga qimmatlashdi.
Ijara haqining eng katta pasayishi Yashnobod tumanida 6,3% va Chilonzor tumanida 5,7%ga qayd etildi.
Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu tumanlarda uy-joyni ijaraga olish o‘rtacha kvadrat metr uchun $11ga tushadi.
Nisbatan arzon uy-joy ijarasi Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda va kvadrat metr uchun $6dan $8gacha o‘zgarib turadi.
Ikkilamchi bozor
Fevral oyida ikkilamchi uy-joy bozori 0,8%ga o‘sdi. Yillik hisobda ikkilamchi narxlar 14,1%ga oshdi.
Eng sezilarli o‘sish Toshkent (26,0%), Buxoro (24,1%) va Andijon (24,0%) viloyatlarda qayd etildi.
Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi bir oy davomida 1,6%ga oshib, $1140ni tashkil etdi. Poytaxtning uchta tumani Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroyda narxlar 2%dan 6%ga oshgani qayd etildi.
Shu bilan birga, Bektemir va Uchtepa tumanlarida ikkilamchi uy-joylar mos ravishda 1,1% va 0,4% ga arzonlashdi.
Umuman, Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozori yil davomida 17,3%ga o‘sdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’atlarining 2,7% punktiga pasayishi kuzatildi.