Xitoylik investorlar Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi renovatsiya dasturi doirasida eskirgan uy-joylar o‘rnida yangi uylar qurishga $360 mln sarmoya kiritadi. Bu haqda prezidentning uy-joy va “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi bo‘yicha uchrashuvi haqidagi “O‘zbekiston 24” telekanali reportajida ma’lum qilindi.
Nomi qayd etilmagan Xitoy kompaniyalari Oqtepa massivida joylashgan Olim Xo‘jayev nomidagi mahallada obodonlashtirish ishlarini olib bormoqda.
Investorlar 1960-yillarda qurilgan 568 xonadonli 42ta ikki qavatli uylar o‘rniga 3200 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurishni rejalashtirmoqda.
“O‘zbekiston 24” lavhasida Xitoydan kelgan tadbirkorlar qurilish ishlarini budjet va bank mablag‘larini jalb qilmasdan amalga oshirishi ta’kidlangan.
27-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev poytaxtda davlat-xususiy sheriklik, rekonstruksiya va kooperatsiya shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi tasdiqlanayotganini ma’lum qilgandi. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida o‘tgan yili “Toshkent Invest” kompaniyasi tashkil etildi.
Poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov Toshkent shahrida 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, bu yerda uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq ayrim fuqarolarga uy qurish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha ipoteka krediti ajratilishi ma’lum qilingandi. Endi pudratchilar reytingi joriy qilinib, ularning moliyaviy salohiyatiga minimal talablar belgilanadi.