Yanvarda prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq bergandi. Mehnat muhojirlarining atigi 6%i uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborilgan.

Hozirgi kunda o‘zbekistonliklarga Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya hamda Buyuk Britaniya kabi mamlakatlardan ko‘plab ish takliflari kelmoqda. Migratsiya agentligi orqali fuqarolar qonuniy ravishda chet elda ishlashlari mumkin.

Shu bilan birga, 2024-yilda Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun ilk bor 100 ming nafar o‘zbekistonlik tanlovlarga jalb qilinadi. Bundan tashqari, fuqarolar Germaniyaga 50 mingta bo‘sh ish o‘rniga taklif etilgandi.

“Spot” Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan fuqarolarni xorijga jo‘natish ishlari qanday tashkil etilishi, mavjud kvotalar, xorijda ishlash uchun kerakli hujjatlar, ish beruvchilarning talablari, imtihon va suhbat jarayonlari kabilar bo‘yicha agentlik boshqarma boshlig‘i Bobur Valiyev bilan suhbatlashdi.


Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:

Xorijda ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tish tartibi

Fuqarolar chet elda mehnat faoliyatini olib borish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga onlayn va oflayn shaklda murojaat qilishlari mumkin. Bunda bizda call-markazlar doimiy faoliyat olib boradi va barcha viloyatlarda filiallar mavjud.

Har bitta davlatning va ulardagi ish beruvchi kompaniyalarning alohida talablari bor. Shu sababdan, har biri bilan alohida yondashamiz. Fuqarolar tomonidan odatda, ish beruvchi talablariga to‘liq javob bera olmasa-da, noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish holatlari kuzatiladi.

Natijada, ish joyiga borgach vazifasini bajara olmaslik vaziyatlari yuz beradi. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish paytida ism-sharif, pasport seriyalarni xato kiritishlari ish beruvchilarning fuqaroni qabul qilish potensialini tushirishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, bizga hamda ish beruvchilarga soxtalashtirgan til va diplom sertifikatlarini taqdim etish holatlari ham uchrab turibdi.

Shuningdek, xorijda mehnat faoliyati olib bormoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun labormigration.uz dasturiy majmuasi mavjud va u OneID bilan integratsiya qilingan. Ya’ni, ro‘yxatdan o‘tayotganda fuqaroning barcha ma’lumotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtiriladi va bu jarayon ingliz va rus tillarida ham shakllanadi.

Mavzuga doir: Xorijda ishlash uchun ariza jo‘natishda kerak bo‘ladigan hujjatlar haqida batafsil bu yerda.

Hamkorlar tomonidan talabgorning tarjimai holini taqdim qilish paytida dasturiy majmuadan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning ma’lumotlari bazada rezyume ko‘rinishida rasmi bilan birgalikda tayyorlanadi. Fuqarolar bu orqali dastlabki tanlovda qatnashishadi.

Xorijga ishga bormoqchi bo‘lganlar, ularga ish berayotgan kompaniya va ishga jo‘natayotgan tashkilot haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishlari lozim. Shuningdek, o‘zbekistonliklarni huquqiy jihatdan himoya qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgani, mehnat sharoitlari va ish soatlaridan ham xabardor bo‘lishlari kerak.

Bo‘sh ish o‘rinlari

Bugungi kunda agentlik tamomila diversifikatsiya qilib borilmoqda. Avvallari ikki va uch mamlakat bilan cheklangan bo‘lsak, hozirda 30dan ortiq, jumladan, dunyoning iqtisodiy jihatdan rivojlangan Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Arab mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz va 100 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.

Bu davlatlardan qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga takliflar kelgan. O‘zbekistoliklarning ham dunyoning rivojlangan mamlakatlarida mehnat faoliyatini olib borish borasida qiziqishlari ortib bormoqda. Bularga asosan Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Latviya va Litvani misol qilish mumkin.

Agentlik tomonidan xorijga qurilish, xizmat ko‘rsatish va hamshiralik (tibbiyot) sohasi vakillari ishlash uchun yuborilmoqda. Misol uchun, Germaniya va Shvetsariya bilan olib borilayotgan loyihalar natijasida hamshiralar ishga jo‘natilmoqda.

Buyuk Britaniyaga 2022-yili qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 78 nafar fuqaroni ishga yuborgan bo‘lsak, 2023-yilga kelib 2000 nafardan ortiq hamyurtlarimizni jo‘natdik. Joriy yilda 7000 nafardan ortiq o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlashni reja qilmoqdamiz.

Shuningdek, bu davlatga hamshiralik yo‘nalishida ham ish o‘rinlari bo‘yicha qabulni e’lon qilganmiz. Chunki oldingi ishga borgan hamyurtlarimiz ko‘rsatgan natijalar ingliz fuqarolarida ijobiy taassurot qoldirganligi uchun yuqoridagi ko‘rsatkichda ishchi kuchi olib ketishni maqsad qilishgan.

buyuk britaniya, germaniya, janubiy koreya, kanada, migratsiya agentligi, xorijda ish

Buyuk Britaniya. Foto: Globe Guide

Mavzuga doir: Buyuk Britaniyada hamshiralik sohasida ishlash bo‘yicha talablar, maosh va ro‘yxatdan o‘tish uchun havola bu yerda.

Janubiy Koreya Respublikasiga mehnat faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun bu davlatning o‘zida maxsus test platformasi bor. Bu orqali fuqarolar testda qatnashib, shu kunning o‘zida natijalarini bilib olishlari mumkin.

Yaqinda, Angliya tomonidan ham fuqarolarning til bilish darajasini aniqlash maqsadida test o‘tkazildi va bu agentlikning aralashuvisiz bo‘lib o‘tdi. Bunda test sayti ham ish beruvchi tomonidan taqdim qilindi. Boshqa hollarda kompaniya tomonidan onlayn yoki oflayn shaklda suhbat asosida tanlab olinadi.

Mamlakatlarning asosiy talabi. Ishga qabul qilinishdagi asosiy talab til bilish hisoblanadi. Ingliz tilidan sertifikat va o‘z sohasi bo‘yicha maxsus diplomga ega bo‘lgan fuqarolarga chet davlatlarida ishlash imkoniyatlari mavjud.

Xorijda yuqori maoshga ishlash uchun birinchi navbatda til bilish kerak.

Suhbatdan keyingi jarayon

Ro‘yxatdan o‘tish e’lon qilinishi uchun ma’lum bir vaqt yoki talab belgilanmagan. Biz xorijiy ish beruvchi hamkor bilan shartnoma imzolaganimizdan keyin, zudlik bilan e’lon berishga harakat qilamiz. Bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’lonlar asosan 2 yoki 3 kun oldindan berib boriladi.

Faqat shartnomada ish beruvchi tomonidan belgilangan kvotalar bo‘lishi mumkin. Masalan, qurilish sohasida 50 nafar nomzod kerakligini aytishsa, ko‘proq fuqarolarni yig‘ish uchun 200ta arizaga joy ajratamiz. Ro‘yxatdan o‘tganlar tizimi ish beruvchiga jo‘natilgach, ma’lum bir kun suhbat uchun ajratiladi.

Keyingi bosqichda agentlikning hududiy filiallaridan bevosita telefon qilinib, suhbat vaqti va shakli haqida ma’lumot beriladi. Biz yaqinda labormigratsion.uz dasturiy majmuasi orqali yangi platforma kiritganmiz, ya’ni fuqaroning shaxsiy telefon raqamiga har bitta bosqich haqida SMS xabar orqali bildirishnomalar jo‘natiladi. Shuning uchun platformadan ro‘yxatdan o‘tayotganda doimiy faol bo‘lgan telefon raqami va elektron pochtalarini kiritishlari kerak.

Fuqaro qaysidir davlat yoki hamkor tomonidan tanlab olingandan keyin, hujjatlar tayyorlana boshlanadi. Diplom apostil qilinib, sudlanmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma, sug‘urta va boshqa hujjatlari olinadi va elchixonaga taqdim etiladi.

buyuk britaniya, germaniya, janubiy koreya, kanada, migratsiya agentligi, xorijda ish

Foto: Spot

Shuningdek, xorijga mehnat faoliyatiga yuborilgunga qadar doimiy monitoring qilib boriladi (suhbatgacha va suhbatdan keyingi, viza, chiptalar olish jarayonlari, yetib borish va hokazo).

Janubiy Koreya

Janubiy Koreya agentlikning asosiy hamkor davlati hisoblanadi. 2022-yilda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha kvotalar olgan bo‘lsak, 2023-yilda bu ikki soha alohida ajratilib, kemasozlik yo‘nalishini ham qo‘shdik.

Joriy yil esa yana qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ayollarga mo‘ljallangan mehmonxona va oshxona faoliyat turlarini ham kiritdik. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va qurilish kabi yangi ish turlari ham qo‘shildi.

Bugungi kunda tog‘-konchilik va o‘rmonchilik sohalarini kiritish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu davlatga ishga borish uchun asosiy talablardan biri koreys tilini yaxshi bilish hisoblanadi. Buning uchun, fuqarolar Koreya hukumati tomonidan tan olingan TOPIK yoki Qirol Sejong sertifikatlarini olishlari kerak.

Hozirgi kunda ish uchun test jarayonlari ham to‘liq koreys tilida o‘tkaziladi. Skill testlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar Koreya inson resurslari markazi tomonidan yuritiladigan maxsus bazaga joylashtirilib, ikki yil davomida ish beruvchilar tanlovlarida doimiy ishtirok etib borishadi.

Bugungi kunda o‘tkazilayotgan testlar dastlab ana shu bazaga kirish uchun o‘tkazilmoqda. Undagi ma’lumotlar asosida koreyalik ish beruvchilar xodimlarni tanlab olishadi.

buyuk britaniya, germaniya, janubiy koreya, kanada, migratsiya agentligi, xorijda ish

Janubiy Koreya. Foto: Forbes

Kanada. Yangi davlatlar ro‘yxatida Kanada ham bor. Yanvar oyida Kanada elchisi bilan uchrashuv o‘tkazilib, davlatdagi mehnat salohiyati, yaratib berilayotgan imkoniyatlar va boshqa ma’lumotlar taqdim qilinib, kanadalik ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yaqin orada bu davlatga aynan qaysi soha bo‘yicha ish o‘rni borligi haqida e’lon beramiz.

Germaniya

Germaniya bo‘yicha bugungi kunda 50 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari turizm, xizmat ko‘rsatish va tibbiyot sohalarida mavjud. Bularda oylik maoshlari 2000 yevrodan boshlanadi va transport, boshqa bir qancha xarajatlar ish beruvchilar tomonidan qoplab beriladi. Hozirda O‘zbekistonda fuqarolarni kompaniyalar tomonidan nemis tiliga bepul o‘qitish tizimini ham ishlab chiqmoqdamiz.

Ausbildung. Germaniya davlatiga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jo‘natish bo‘yicha hozirda 3ta loyihada ish olib borilmoqda. Bular “Work and Travel”, “Ausbuilding” va to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq muddatga ishga yuborish loyihalari. Ausbuilding, ya’ni dual tizimda ma’lum bir tashkilotga tanlovdan o‘tib, u tomonidan ishga tayyorlanadi. Masalan, Germaniyaga borgach 3 yil davomida ish taklif qilgan kompaniyada nazariy va amaliy tarafdan o‘qitiladi.

Bu jarayonda fuqaroga 1000−1200 yevro atrofida stipendiya to‘lanadi. Yotoqxona va ketish oldi transport, viza xarajatlari ham qoplanadi. Uch yil davomida ta’lim olgach Germaniya hukumati tomonidan tan olingan maxsus sertifikatga ega bo‘ladi. Bu sertifikat bilan davlatda uzoq muddatga ishlash imkoni paydo bo‘ladi.

buyuk britaniya, germaniya, janubiy koreya, kanada, migratsiya agentligi, xorijda ish

Germaniya. Foto: Depositphotos / Travelwitness

Xorijda shartnoma buzilishi va noqonuniy yurish oqibatlari

Xorijga jo‘natilgan fuqarolar bilan shartnoma buzilishi holatlari kam uchraydi. Chunki, bitim imzolashdan oldin ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuziladigan shartnoma agentlikning tegishli xodimlari tomonidan o‘rganiladi. Agar shartlar o‘zgarilishi kuzatilsa, mas’ullar ko‘rib chiqib ijobiy hal qilishadi.

Bugungi kunda agentlikning Rossiya Federatsiyasi, Koreya, Qozog‘iston va Turkiya Respublikalarida vakolatxonalari mavjud. Bu yil Yaponiya davlatida ochilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, fuqaro ish beruvchidan pullarini undira olmasa, bu holat bo‘yicha agentlikka murojaat qilingan taqdirda, bizdagi vakolatli boshqarma va bo‘limlar tomonidan o‘rganiladi. Shuningdek, xorijdagi vakolatxonalarimizga kelgan murojaatlar yuzasidan ham joyida tegishli choralar ko‘riladi.

Migratsiya vakolatxonalari mavjud bo‘lmagan davlatlarda bu kabi vaziyatlar kuzatilsa ham agentlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari mumkin.

buyuk britaniya, germaniya, janubiy koreya, kanada, migratsiya agentligi, xorijda ish

Foto: Esp.MD

Ba’zida fuqarolarimiz tomonidan ham mehnat shartnomasini buzib, qochib ketish va boshqa ishga o‘tish kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu albatta, o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ya’ni o‘sha davlatdagi ish beruvchilarda o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan ishonchsizlik hissi yuzaga keladi. Bu kabi holatlar Janubiy Koreya, Germaniya kabi mamlakatlarda haligacha uchrab turibdi.

Agarda fuqaro shartnoma asosida mehnat faoliyati olib borib, O‘zbekistonga qaytsa keyingi safarida ular ishga suhbatsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi va oila a’zolaridan bir kishini ham suhbatsiz olib ketish imkoni beriladi. Fuqarolarimizdan ishlash uchun borgan davlatida mehnat shartnomasiga amal qilgan holda ishlashlarini, belgilangan muddatdan keyin O‘zbekistonga qaytib kelishlarini so‘rab qolamiz.